O‘zbekistonda past kuchlanishli elektr tarmoqlari xususiy sektorga beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyingi bosqichda Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda bugun, 14-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan energiya samaradorligini oshirish hamda elektr energiyasi ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha taqdimotda so‘z boradi.

Xalqaro ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston eng ko‘p energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, respublikada binolarning yakuniy energiya iste’molidagi ulushi qariyb 50 foizni tashkil etib, bir kvadrat metrga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi Yevropa mamlakatlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Shu bois, o‘tgan yilda energiya samaradorlik sohasidagi islohotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida alohida agentlik tashkil etilgan. Ushbu tuzilmaga 2030 yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy obektlarda esa energiya iste’molini 15 foizga qisqartirish vazifasi yuklatilgan.

Taqdimotda agentlikning 2026 yildagi faoliyati rejalari ko‘rib chiqilgan.

Mamlakatdagi binolarning katta qismi o‘tgan asrning 60-70-yillarida qurilgan bo‘lib, ularda energiya sarfi darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois, ijtimoiy obektlar va aholi turar joylarini energiya samarador obektlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Bu ishlarga joriy yilda 150 milliard so‘m subsidiya va kompensatsiya mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Respublikadagi 30 mingga yaqin ijtimoiy obektlarning energiya samaradorligini oshirishda xalqaro moliya institutlari ishtiroki va xususiy sektor investitsiyalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bunga xalqaro moliya institutlaridan 264 million dollar mablag‘ jalb etiladi.

Shu bilan birga, energiyani tejash orqali daromad olish mexanizmlari – energiya servis kompaniyalarining xizmatlarini (ESCO) rivojlantirish va ushbu bozorni shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Binolarni energiya auditdan o‘tkazish, energiya samaradorlik standartlari asosida loyihalash va modellashtirishda raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng qo‘llash rejalari haqida axborot berilgan.

Sanoat sohasida ham energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan. Jumladan, joriy yilda 142 ta to‘qimachilik korxonasiga quyosh panellarini o‘rnatib, 722 million kilovatt-soat elektr energiyasi va korxonalarning 693 milliard so‘m mablag‘i tejalishi kutilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti tizimida 300 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.

Markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimidagi mavjud muammolarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ayni paytda issiqlik qozonxonalari va tarmoqlarining bir qismi eskirishi oqibatida energiya yo‘qotishlari yuqori darajada qolmoqda. Shu bois, joriy yilda issiqlik qozonxonalari va tizimlarini modernizatsiya qilish, ularni “yopiq tizim”ga o‘tkazish doirasida 400 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish va kamida 100 kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash ko‘zda tutilgan.

Mutasaddilarga binolarni qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorlik standartlari va ta’sirchan qoidalarni ishlab chiqish topshirilgan.

Taqdimotda elektr energiyasi sohasida raqobatli bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilingan. Xususan, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyingi bosqichda Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali tarmoqlarni yangilashga investitsiyalarni jalb etish orqali yo‘qotishlarni keskin kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berilgan. Hozirgi kunga qadar yiliga 10 million kilovatt-soatdan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan ulgurji iste’molchilar ro‘yxati tuzilgan. Ushbu korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” shakllangan narxlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy etish taklif etilgan.

Bugungi kunda energetika va kommunal sohalar bo‘yicha alohida regulyatorlarni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu borada yagona regulyatorni tashkil etish taklifi bildirilgan.

Prezident mazkur takliflarni ma’qullab, energiya samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va energetika bozorida raqobat muhitini shakllantirish muhimligini ta’kidlagan hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni bergan.

Prokuratura va ichki ishlar organlari oldiga muhokama qilingan sohalarda qonun talablariga qat’iy rioya etilishini va javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, belgilangan chora-tadbirlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash yuzasidan hokimliklar bilan yaqindan ishlash vazifasi qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

energiya elektr tarmoqlari energiya samaradorlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing