O‘zbekistonda bir oyda qariyb 72 mlrd so‘mlik “svet” va gaz o‘g‘irlandi
3-sahifa
−
12:46 257 1 daqiqa
O‘zbekistonda avgust oyida iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 321 ta holat aniqlanib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 71,9 mlrd so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, nazorat tadbirlari davomida 19 mln kVt⋅soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha zarar miqdori 40,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, iste’molchilar tomonidan 10 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Bu bo‘yicha 31,2 mlrd so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Bundan tashqari, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 340 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan.
Taqqoslash uchun, avgust oyida qayd etilgan 71,9 mlrd so‘mlik zarar miqdori yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan past bo‘lgan. Xususan, yanvar oyida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish oqibatida 79 mlrd so‘mlik zarar aniqlangan bo‘lib, avgustda bu ko‘rsatkich 7,1 mlrd so‘mga yoki qariyb 9 foizga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona tumanida ovqatlanish maskani tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan holda gazdan foydalanib kelgani aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi