O‘zbekistonda paxta narxini tushirish taklif qilindi
Jamiyat
−
06 Sentabr 2023
22977O‘zbekistondagi paxta-to‘qimachilik klasterlari paxta hosilining narxini kamaytirish taklifini o‘rtaga tashlamoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, o‘tgan yili paxta hosili bo‘yicha jahon bozori bilan ichki bozordagi tola narxi o‘rtasida katta tafovut bo‘lgan. Buning oqibatida klasterlar 6 trillion so‘m (500 million AQSH dollariga yaqin) zarar ko‘rgan.
2022 yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda yetishtiriladigan 1 kg uchun o‘rta turdagi paxta xomashyosining eng kam xarid narxini 10 ming 25 so‘m etib belgiladi, jahon bozorida esa narx ikki barobar past bo‘lgan.
Joriy yilgi paxta terimi jarayoni boshlangan, paxta narxi esa hozircha rasman belgilangani yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi klasterlarning bu taklifini ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda o‘tmishda paxta siyosati tufayli nafaqat ekologiya inqirozga yuz tutgani, balki bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetgani haqida gapirdi.