O‘zbekistonda odamlarning cho‘ntagini quritib, chet elga “surgan” shaxs qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
15 mart 2023
12258O‘zbekistonda bir qancha firibgarlik sodir etib, xorijga noqonuniy ravishda chiqib ketgan va jinoiy faoliyatini u yerda ham davom ettirgan shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent va Latviya poytaxti Rigada faoliyat yurituvchi Interpol Milliy markaziy byuro (MMB)larining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari tufayli firibgarlikda ayblanayotgan xalqaro qidiruvdagi jinoyatchi O‘zbekistonga berilgan.
Aniqlanishicha, qidiruvdagi shaxs bir necha yillar davomida O‘zbekistondan Amerika Qo‘shma Shtatlariga chiqib ketmoqchi bo‘lganlarga o‘zini AQSHning Toshkentdagi elchixonasi xodimi sifatida tanishtirgan. Shuningdek, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish, xorijga chiqishga ruxsat olishda o‘z xizmatlarini taklif qilgan. Bu xizmatlari uchun ma’lum mablag‘ olgan. Shu tariqa, firibgardan ko‘pgina odamlar jabr ko‘rgan.
U O‘zbekistondan chiqib ketganidan keyin shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirib, xorijiy davlatning soxta pasportidan foydalangan holda, jinoiy faoliyatini davom ettirgan. O‘zini hamon elchixona xodimi sifatida tanishtirib, barcha xizmatlarni ko‘rsatib, firibgarlik yo‘li bilan jabrlanuvchilarning pul mablag‘larini o‘zlashtirib olgan.
Biroq qidiruvda bo‘lgan shaxsni aniqlash bo‘yicha uzoq davom etgan jarayonga qaramay, uning chet el pasportini soxta, shaxsiy ma’lumotlarini esa haqiqiy emas deb topib, Toshkent va Riga Interpol MMBlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida huquqbuzarning shaxsi aniqlanib, u qo‘lga olingan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgandan so‘ng jinoyatchi Interpol MMB xodimlari hamkorligida adolat qaror topishi uchun O‘zbekistonga olib kelingan.
LiveBarchasi