O‘zbekistonda OAV ustidan nazorat boshqa tashkilotga topshirildi
Jamiyat
−
11:11 5151 2 daqiqa
O‘zbekistonda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshirish Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga o‘tkazildi. Bu haqda Prezidentning 11 dekabr kuni imzolangan “Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qaror bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi inspeksiya — O‘zkomnazoratga quyidagi sohalarda maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi:
- axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish;
- ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish;
- noshirlik va matbaa faoliyati sub’ektlarining qonunchilik talablariga rioya qilishini monitoring va nazorat qilish;
- bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish.
Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi OAVda tarqatilishi taqiqlangan yoki cheklangan axborotlarning tarqatilishiga qarshi kurashish yuzasidan choralar ko‘radi. OAV, onlayn platformalarda ijtimoiy axborotning tarqatilishida tili, hajmi, davomiyligi, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifiga rioya etilayotgani yuzasidan monitoring va nazorat qilish choralarini ko‘radi.
Kitob nashr etishda, elektron va audiokitoblar yaratishda mualliflik huquqlari buzilishining oldini olish yuzasidan choralar ko‘radi.
Axborot mahsulotida bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotning bor-yo‘qligi, axborot mahsuloti bolalarning muayyan toifasiga muvofiqligi yoki aksinchaligi bo‘yicha monitoringni amalga oshiradi.
Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda axloq me’yorlari va qonunchilik talablariga rioya qilinishini monitoring qilish, dasturiy ta’minot ishlab chiqarish va tarqatishda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish, qonunbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va jarima choralarini qo‘llash ham uning vazifalari qatoriga kiradi.
2027 yil 1 yanvargacha quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli nazorat” platformasi ishga tushiriladi:
- aholi istiqomat qilayotgan, jumladan, olis va chekka hududlardagi raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar sohalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarni monitoring qilish;
- axborot tizimlari, resurslari, dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarida yuzaga kelgan uzilish yoki to‘xtalish holati bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;
- jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tezkor ko‘rib chiqilishini tashkil etish.