“Qog‘ozda boshqa, amalda boshqa” – AQSH O‘zbekistonda nogironlarga yaratilgan sharoitlar haqida

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Avvalroq, AQSH Davlat departamenti O‘zbekistondagi inson huquqlari bo‘yicha vaziyat yuzasidan 2020 yil uchun hisobot e’lon qilgani haqida xabar bergandik. 

Hisobotda O‘zbekistonda nogironlarga yaratilgan sharoitlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda qonun nogironlarning kamsitilishini taqiqlaydi, ammo nogironlik asosida ijtimoiy kamsitilish yuz bermoqda.

Ta’kidlanishicha, nogironlar uchun binolarga, shu jumladan xususiy do‘konlar va restoranlarga kirish imkoni bo‘lmasa, qonun jarima solishga imkon beradi, ammo uni qay tartibda to‘lanishi to‘g‘risida hech qanday ma’lumot mavjud emas. Masalan, so‘nggi yillarda qurilgan ko‘plab o‘rta maktablarda tashqi yo‘laklar mavjud, ammo nogironlar aravachasi foydalanuvchilari harakatini osonlashtiradigan ichki tuzilmalar yo‘q. 

AQSH o‘z hisobotida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilning 16 oktyabrida imzolagan nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi yangi qonunini eslagan. Ta’kidlanishicha, qonun xalqaro standartlarga va BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga asoslangan. Boshqa qoidalar qatorida “nogiron” o‘rniga “imkoniyati cheklangan shaxs” atamasi kiritilgan. 

“Qonun nogironlar uchun yaxshilangan imtiyozlarni, shu jumladan nogironlik to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddatini 3 oydan 10 kungacha qisqartirishni ta’minlaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi nogironlarning tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini nazorat qiladi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi nogironlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashdi”, deyilgan hisobotda. 

AQSH COVID-19 pandemiyasi nogironlar uchun atrof-muhitni yanada qiyinlashtirgani haqida ham yozgan. Unga ko‘ra, pandemiya endi boshlangan paytda jamoat va xususiy transport harakatining to‘xtatilishi nogiron bolalar va kattalar uchun oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini keltirib chiqargan. 

“Shu tufayli nogironlar mahalla qo‘mitalari tomonidan epizodik ravishda yordam tariqasida berilgan oziq-ovqat mahsulotlariga tayanib qoldi”, deyilgan xabarda.

Hisobotga ko‘ra, nogironlarni kamsitish holatlari yuzaga kelgan, taxminan 8 500 nafar yoshi katta nogironlar ish bilan ta’minlangan va nogironlarning taxminan 75 foizi qashshoqlik chegarasida yashaydi. 

Hisobotda ta’kidlanganidek, Toshkent shahri nogironlar uchun 2500 ta uy-joy ajratgan. Hukumat ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, shahar zonalari va aholi turar joylari, aeroportlar, temir yo‘l stansiyalari va boshqa inshootlarda nogironlarga kirish imkoniyatini ta’minlashni talab qilgan, ammo hech qanday davlat dasturlari amalga oshirilmagan. 

“Ko‘zi ojiz yoki ko‘rish qobiliyati cheklangan o‘quvchilar ba’zida Sovet davrida nashr etilgan, eskirgan brayl shriftidagi kitoblar asosida dars o‘tishadi, ammo aniq miqdordagi kompyuterlar ko‘rish qobiliyati cheklanganlar uchun moslashtirilgan va ba’zi yangi brayl kitoblari maktablarga sovg‘a qilingan”, deyilgan hisobotda. 

Ta’kidlanishicha, davlat tomonidan ajratilgan kvota tizimi natijasida oliy o‘quv yurtlarida nogironlar soni sezilarli darajada oshgan. 2017 yilda faqat 50 nafar nogiron oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan. 2019 yilda ularning soni 1659 tani tashkil etgan va o‘tgan yil oxiriga kelib ularning soni 2200 taga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing