Rasman! O‘zbekiston Gonkong bilan vizasiz tartibni joriy etadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasi Gonkong maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Jon Li Ka-chiu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot avvalida Li Ka-chiu O‘zbekiston rahbariga Xitoy Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini, shu jumladan, Gonkong bilan hududlararo almashinuvlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish orqali yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda. May oyida Pekin shahrida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Sian shahrida uchinchi Hududlararo forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Gonkongda iqtisodiy forum va sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, O‘zbekiston savdo uyi ochilgan.

O‘zbekiston hududlarining Gonkong bilan iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish uchun mavjud salohiyatdan samarali foydalanish muhimligiga alohida e’tibor qaratilgan. Toshkent shahriga Gonkong ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat katta delegatsiya tashrif buyurgani ushbu yo‘nalishdagi sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.

Savdo-iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, ta’lim, turizm va ishbilarmonlik almashinuvlarini rivojlantirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar va fuqarolarga konsullik xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi kompleks hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlangan.

“Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, fintex, innovatsion startaplar, sun’iy intellekt va boshqalar ustuvor sohalar sifatida qayd etilgan.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, shuningdek, ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda yaqin fursatda Gonkong bilan ikki tomonlama asosda vizasiz tartibni joriy etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Toshkent shahrida Gonkong maxsus ma’muriy hududi administratsiyasi rahbari Jon Li Ka-chiu bilan uchrashgandi. Uchrashuv davomida o‘zaro vizasiz rejimni o‘rnatish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni tuzish niyati bo‘yicha verbal notalar almashilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Gonkong vizasiz tartib

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing