O‘zbekistonda nega koronavirus sabab favqulodda holat e’lon qilinmadi?
Jamiyat
−
13 iyul 2020 14979 2 daqiqa
O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi sababli karantin rejimi o‘rnatilgandan beri bir necha marta mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinishi haqida xabarlar tarqaldi. Ammo bu o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ahamiyatlisi, karantin vaqtida anchayin keskin choralar ko‘rildi. Hududlar yopilib, blok-potlarni qurollangan harbiy qo‘riqlaganini ham ko‘rdik. Ho‘sh, nega choralar bu qadar keskin bo‘lsa ham favqulodda holat e’lon qilinmadi? Nega shunday bo‘lganiga Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov javob berdi.
“Dunyo mamlakatlari tajribasining tahlili koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha vaziyatni baholash va uning natijadorligi kiritilgan tartibning shakli: favqulodda holat, favqulodda vaziyat, komendantlik soati, karantinni alohida yoki birgalikda joriy qilinganligiga bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda”, deydi Ikromov.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan epidemiyaga qarshi tadbirlar ko‘proq “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning talablariga mos keladi va quyidagilarni qamrab oladi:
• mamlakat hududlarining sanitariya muhofazasi (sanitar-karantin nazorati o‘tkazish va cheklovchi tadbirlar (karantin) kiritish orqali ta’minlanadi);
• infeksion kasalliklar o‘choqlarida dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazish, majburiy tibbiy ko‘riklar.
“Hozirda koronavirus infeksiyasi bilan kurashda cheklovchi tadbirlar (karantin) mavjud tartiblar ichida eng mutanosibi bo‘lib turibdi va o‘zining natijasini bermoqda. Zarurat tug‘ilganda, mazkur tartib doirasida qo‘shimcha cheklovlar kiritilishi mumkin, hammasi vaziyatdan kelib chiqadi”, dedi Adliya vaziri o‘rinbosari.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 13 193 nafarga yetdi. Hozirgacha ularning 7852 nafari sog‘aygan va 62 nafari vafot etgan.
Live
Barchasi