O‘zbekistonda moddiy madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazganlik uchun jazo kuchaytiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda moddiy madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Kecha, 1 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “Moddiy madaniy meros ob’ektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

“Inson hayotini qaytarib bo‘lmaganidek, moddiy madaniy ob’ektlarga ham zarar yetkazildimi, uni asl holida tiklab bo‘lmaydi. Ayrim vijdonsizlar oldida bu boradagi qonunlarimiz ham qizil chiroq yoqa olmayapti. Shu bois, jazo choralari keskin kuchaytirilishi lozim”, deydi fraksiya rahbari Alisher Qodirov.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan mamlakat bo‘yicha so‘nggi uch yilda 320 ta moddiy madaniy meros ob’ektida amalga oshirilgan ta’mirlash-tiklash ishlari hujjatlari o‘rganilgan va ko‘plab qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Jumladan, birgina Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida restavratsiya ishlari noto‘g‘ri olib borilgani natijasida uning badiiy bezaklari, naqsh, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Madaniy meros departamenti Ilmiy ekspertlik kengashining ruxsatisiz madaniy meros ob’ektlarida biron-bir restavratsiya yoki ta’mirlash ishlarini amalga oshirish mumkin emas. Lekin ekspertlar kengashi ruxsatisiz 14 ta ob’ektda jami 12 mlrd 454,9 mln. so‘mlik ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilgan.

Ayrim shaxslar tomonidan, hatto mansabdorlar ruxsati bilan ming yillik tarixga ega obidalarga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetkazilgan. Amaldagi Jinoyat kodeksi 132-moddasiga ko‘ra, bu ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kiradi va ushbu modda bilan 2017-2021 yillarda jami 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Qonun loyihasida moddiy madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan jazo choralari yanada kuchaytirilmoqda. Shuningdek, mansabdor shaxslar ishtirokida sodir etilayotgan bunday jinoyatlarni tergov qilish vakolatini prokuratura organlari tergovchilariga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Chunki tahlillarga ko‘ra, Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2017-2021 yillarda huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha kiritilgan 486 ta ko‘rsatma va taqdimnomalarning 179 tasi bajarilmagan”, deyiladi quyi palata xabarida.

Loyihada sohada davlat nazoratini to‘liq ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalarining bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma yoki taqdimnomalarini bajarmaganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha, bir yil davomida takror sodir etilsa, yetti baravarigacha miqdorda jarima solinishi nazarda tutilgan.

Deputatlar ushbu qonun loyihasini partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, bir ovozdan ma’qullagan.


Maqola muallifi

Teglar

madaniy meros

Baholaganlar

7

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing