Toshkentda madaniy meros ob’ekti bo‘lgan bino sotuvga qo‘yildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 20 sentyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan “Sharq” hamda O‘zA binolari yagona mulkiy majmua sifatida savdoga chiqarilgan edi. Madaniy meros agentligi ushbu ob’ektlarni auksion savdolaridan olib tashlash yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ogohlantirish berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri Mirobod tumani Buyuk Turon ko‘chasi 41-uy manzilida joylashgan binolar (“Sharq” nashriyoti matbaa korxonasi AJ binolari) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga madaniy meros ob’ekti sifatida kiritilgan.

Ob’ekt 1979-1983 yillarda qurilgan jami 14 ta bino, 2 ta bino qismi hamda 5 ta inshootdan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 60 ming metr kvadratdan ziyodni tashkil etadi.

Ma’lum qilinishicha, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros ob’ektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilangan.

“Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunining 19-moddasiga asosan moddiy madaniy meros ob’ektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan xiyobonlar va botanika bog‘lari xususiylashtirilmaydigan davlat mulklari etib qayd etilgan”, deyiladi agentlik xabarida.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ushbu madaniy meros ob’ektini auksion savdolaridan olib tashlash yuzasidan 21 sentyabr kuni ogohlantirish bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent madaniy meros

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing