O‘zbekistonda mehmonxonalar uchun imtiyoz va preferensiyalar 2021 yil oxirigacha uzaytiriladi
Jamiyat
−
03 dekabr 2020
3539O‘zbekistonda mehmondo‘stlik sohasi uchun imtiyoz va preferensiyalar muddati 2021 yilning oxiriga qadar uzaytiriladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1 dekabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning O‘zbekiston Otelerlar Assotsiatsiyasi a’zolari – Toshkent shahrining eng yirik mehmonxonalari egalari va bosh menejerlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda mehmonxonalar faoliyatini jonlantirishi mumkin bo‘lgan ziyorat turizmini rivojlantirishga oid loyihalar ishlab chiqilyapti.
Loyiha doirasida Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston va Bangladeshning yetakchi diniy arboblari bilan O‘zbekistonga yangi sayyohlar oqimi tashrifini tashkil qilishga doir muzokaralar o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Otelerlar Assotsiatsiyasi raisi Farangiz Abdullayeva mehmondo‘stlik sohasida daromadlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ish o‘rinlarini qisqartirmaslik maqsadida mehmonxonalar uchun joriy qilingan imtiyoz va preferensiyalar muddatini 2021 yilning iyun oyiga qadar uzaytirishni taklif qildi.
Uchrashuvda xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda joylashtirish vositalarini sertifikatsiyalash tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritilgan. Negaki mehmondo‘stlik sohasi uchun sanitar norma va qoidalarning yagona tizimi masalasi ochiqligicha qolgan.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, mehmondo‘stlik sohasi uchun imtiyoz va preferensiyalar muddatini 2021 yilning oxiriga qadar uzaytirish hamda sanitar norma va qoidalarning yagona tizimini tasdiqlashga oid qaror qabul qilindi.