O‘zbekistonda maktab o‘qituvchilaridan koronavirusga ommaviy test olinmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilaridan ommaviy ravishda COVID-19 ga test olinmoqda. 11 sentyabr holatiga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan o‘rta ta’lim maktablarining jami 486 521 nafar o‘qituvchilarning 275 616 nafari (56,6 foizi) maxsus laboratoriya usulida koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, umumta’lim maktablarida sanitariya talablariga amal qilinishi bo‘yicha maktab mutasaddilariga ko‘mak berish maqsadida 10 ming nafardan oshiq tibbiyot xodimi biriktirilgan. 

“Shu yilning 14 sentyabr kunidan belgilangan sanitariya talablariga javob bergan maktablarda mahalliy xalq deputatlari kengashlari qarori bilan ta’lim jarayonlari boshlanishi kutilmoqda. Bu jarayonda ikki muhim masalaga diqqat qilinishi kerak. Bir tomondan mamlakatdagi 6,2 million nafardan ortiq o‘quvchining salomatligini saqlash muhim bo‘lsa, boshqa tomondan ularga ta’lim beradigan yarim million nafarga yaqin xalq ta’limi xodimlari — o‘qituvchilarning salomatligini asrash har bir rahbardan katta mas’uliyat talab qiladi”, deyiladi xabarda. 

Sog‘liqni savqlash vazirligining ma’lum qilishicha, laboratoriya tahlili natijasida kasallik aniqlangan o‘qituvchilar ro‘yxatga olinib, ularning holati hududlarda tashkil etilgan mobil tez tibbiy yordam guruhlari tomonidan o‘rganilmoqda, kasallik simptomlari aniqlangan o‘qituvchilar shifoxonalarda davolanishga yuborilmoqda.

Ularning aksariyatida kasallik simptomsiz va yengil shaklda kechayotgani ko‘rinmoqda. Bunday o‘qituvchilar uy sharoiritida davolanishga o‘tkazilib, belgilangan davo muolajalarga ko‘ra, ularga bepul koronavirus bokslari (aptechkalar) yetkazib berilmoqda. 

Shuningdek, bunday o‘qituvchilar bilan muloqotda bo‘lganlar hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari tomonidan aniqlanib, ularning ro‘yxatlari karantin tadbirlarini joriy etish uchun hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalariga yuborilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Ushbu qarorda mamlakatdagi umumta’lim maktablari direktorlari, o‘qituvchilari va boshqa xodimlari joriy yilning 1 oktyabriga qadar grippga qarshi emlanishi nazarda tutilgan edi. SSV o‘qituvchilarning qachondan boshlab emlanishiga aniqlik kiritmagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus

Baholaganlar

135

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing