O‘zbekistonda qanday mahkumlar Prezidentdan afv etishini so‘rolmaydi?
Bu qiziq
−
12 dekabr 2019
21452So‘nggi yillarda jinoyat sodir etgan shaxslarni afv etish bo‘yicha 8 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi. Joriy yil 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi arafasida 92 kishi Prezident farmoni bilan afv etildi.
O‘zbekistonda mahkumlarni afv etishning tartibi qanday? Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari – Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Svetlana Ortiqova ma’lum qildi.
“Agar mahkum jazoning uchdan ikki qismini o‘tasa, shundagina uning Prezidentga murojaat qilish huquqi paydo bo‘ladi. Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan Nizomda bu qoida kiritilgan. Mahkum jazo muddatining uchdan ikki qismini o‘tab bo‘lib, keyin ma’muriyat orqali komissiyaga ariza bilan murojaat qiladi. Ariza komissiyaga kelib tushganidan keyin, tegishli o‘rganishlar boshlanadi. Tavsifnoma olinadi, kim uni kafillikka oladi, oilasi o‘rganiladi, ma’muriyat u bilan ishlaydi, biz, shaxsan men borib o‘sha mahkum bilan gaplashaman, uning ko‘ziga qarayman, haqiqatan ham u tuzalish yo‘liga kirdimi yo yo‘qmi va boshqa o‘zining usul, uslublari bor.
Shunga qarab komissiya yig‘ilish qilib, hamma ma’lumotlarni taroziga solib, Prezidentga taqdim etsak bo‘ladimi yo yo‘qmi degan xulosaga keladi. Ro‘yxat shunday ko‘rinishda shakllanadi. Bunda qaysi modda bilan ozodlikdan mahrum etilganiga qaralmaydi, jazo muddatining uchdan ikki qismini o‘tagan bo‘lsa bo‘ldi”, deydi Ortiqova.
Ma’lumot uchun, 2018 yilning 8 mayida O‘zbekiston Ruspublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM tasdiqlangan. Afv etish komissiyasi faoliyatini mazkur nizom asosida olib boradi.
LiveBarchasi