O‘zbekistonda ko‘kyo‘tal avj olgani rostmi? Izoh berildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda ko‘kyo‘tal avj olgani haqida xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov kasallik bo‘yicha xavotirlarga o‘z munosabatini bildirdi.

Ko‘kyo‘tal – havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘ta yuqumli xastalik bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi Bordetella pertussis bakteriyasi hisoblanadi. Unga chalingan bemorlarda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar alomatlari, shuningdek, kuchli yo‘tal xurujlari va qusish kuzatiladi. Bu kasallik asosan yosh bolalar va o‘smirlarda uchrashiga qaramay, ba’zan katta yoshli odamlarda ham kuzatiladi.

“Hozir yurtimizda bu boradagi epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga asos yo‘qligini, shuningdek ushbu kasallik hech qanday asoratlarsiz davolanib ketishini  ma’lum qilamiz”, deydi Nurmat Otabekov.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda milliy emlash kalendariga asosan, chaqaloqlar 2, 3 va 4 oyligida 3 marotaba pentavalent vaksina bilan (ko‘kyo‘tal, difteriya, qoqshol, gepatit B va XIB infeksiyalarga qarshi) emlanadi. Bir yildan so‘ng, ya’ni 16 oylik davrida AKDS-4 bilan qayta revaksinatsiya qilinadi.

2023 yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston bo‘yicha jami 2 millionga yaqin bola ushbu xastalikka qarshi vaksina qabul qilgan. Xususan, yanvar avgust oylari davomida penta-1 bilan emlanishi kerak bo‘lgan bolalarning 97,6 foizi, penta-2 bilan 98,5 foizi, penta-3 bilan esa 98,5 foizi emlangan. Bundan tashqari, 16 oylik o‘g‘il-qizlarning 98,9 foizi revaksinatsiya bosqichida qayta emlangan.

Shuningdek, ko‘kyo‘tal mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, kuz-qish davrida ko‘proq qayd etiladi va aksariyat hollarda emlanmaganlar, to‘liq emlash kursini olmaganlar hamda ba’zi hollarda emlashdan keyin immunitet shakllanmagan bolalarda kuzatiladi.

Qisqa qilib aytganda, emlanmagan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida kasallik tarqalish xavfi saqlanib qoladi. 

“Shu bois ko‘kyo‘tal kam miqdorda bo‘lsa-da, aholi o‘rtasida qayd etib turilishi tabiiy hol”, degan Nurmat Otabekov.

Otabekovning fikricha, ushbu xastalikni faqat jamoaviy immunitet hosil qilish orqali yengish mumkin.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

kasallik Nurmat Otabekov ko'kyo'tal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing