O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni ataylab ko‘paytirib ko‘rsatilyaptimi?
Jamiyat
−
17 mart 2021
9093Ma’lumki, o‘tgan hafta oxiri, joriy hafta boshidan buyon O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari yana ortmoqda. Buni esa ko‘pchilik mamlakatda koronavirus aniqlanganiga bir yil to‘lishi, O‘zbekistonga vaksinalar keltirilayotgani bilan bog‘lab, bemorlar soni sun’iy ravishda oshirilyapti, degan fikrga bormoqda. Sovuq kunlarda tarqalishi sust bo‘lgan infeksiya nega aynan koronavirus kirib kelganiga bir yil to‘lishi va vaksina keltirilishi atrofida ko‘payayotgani albatta, ajablanarli. Bugun, 17 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik mavzusida o‘tgan brifingda aynan ushbu savol o‘rtaga tashlandi. Masalaga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov munosabat bildirdi.
“Odamlar orasida vaksinatsiya jarayonlariga undash uchun ataylab kasallik ko‘payishini bo‘rttirib ko‘rsatishga urinilyapti, degan mish-mishlar uchrab turibdi. Bunda mantiq yo‘q, chunki kasallanish holatlari asosan bolalar orasida oshmoqda. Biz esa vaksinani 18 yoshdan kattalarga tavsiya qilyapmiz.
Karantin choralari qat’iylashtirilganiga odamlarning haddan ortiq xotirjamlikka berilgani sabab bo‘layapti, desak adolatdan bo‘lardi.
Vaqti kelib, bolalarni himoya qilish choralari ishlab chiqilishi ham mumkin”, deydi Otabekov.
Shuningdek, Nurmat Otabekov internet tarmoqlarida tarqalgan Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etib, rasmiy statistikada aks etmagan bemor masalasiga ham oydinlik kiritib o‘tdi. Mutaxassisning fikricha, bemor shifoxonaga olib borilishidan oldin unda virus tasdiqlangan. Ammo shifoxonadagi maxsus laborator tekshiruvida manfiy natija qayd etilgan. Shu sabab ham rasmiy statistikaga kiritilmagan. Hozirda patologoanatom xulosasi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 mart kuni O‘zbekistonda 115 kishida koronavirus aniqlandi. Ulardan 92 nafari Toshkent shahridan. Ayni vaqtgacha ushbu kasallikni yuqtirib olganlar 80 858 nafarni tashkil etmoqda.
LiveBarchasi