O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar 763 nafarga yetdi
Jamiyat
−
26 aprel 2020
6394Bugun, 26 aprel kuni Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 5 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan 1 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 2 nafari Toshkent shahridan bo‘lsa, qolgan 3 nafari esa Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatidan. Ulardan 2 nafari Moskva – Toshkent yo‘nalishida charter reys orqali kelishgan. Qolgan 3 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 4 nafari erkak, 1 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 53 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 26 yoshda. Ushbu klinikada shu paytga qadar 70 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 75 nafarga yetdi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida sog‘aygan 42 yoshli bemor (erkak) Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Mazkur klinikada shu paytga qadar 49 nafar bemor sog‘aygan.
Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 763 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirus yuqtirganlar 1865 nafarga yetdi. Bugungacha bemorlarning 8 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi