O‘zbekistonda koronavirusdan ommaviy ogohlantirish boshlandi
Salomatlik
−
04 mart 2020
22826O‘zbekistonda koronavirus xavfiga nisbatan choralar kuchaytirilmoqda. Bugun, 4 martdan e’tiboran uyali aloqa kompaniyalarning SMS xizmati orqali abonentlarga koronavirus haqida ogohlantirish xabarnomalarini yuborish boshlandi.
Bugungacha O‘zbekistonga koronavirus kirganini rad etib kelayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan bunday SMS’ning kelishi ko‘plab fuqarolarni xavotirga solmoqda. Xabarnomada shunday deyiladi:
“Sog‘liqni saqlash vazirligi ogohlantiradi: Koronavirusdan o‘zingizni va boshqalarni asrang! Qo‘llarni tez-tez sovunlab yuving”.
Sog‘liqni saqlash vazirligi shu kunlarda mamlakatdagi sanitariya-epidemiologik holatni yanada kuchaytirmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan mamlakatdagi 10 mingga yaqin maktabda koronavirusning oldini olish va unga qarshit kurashish bo‘yicha qo‘shma qaror imzolandi.
Bugun huddi shunday qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan ham imzolandi. Unda oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida profilaktik chora va nazoratni kuchaytirish, o‘qituvchi va talabalarni o‘qish, malaka oshirish va tajriba almashuvi bo‘yicha alohida ko‘rsatma bo‘lmaguncha xorijga, ayniqsa, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan davlatlarga chiqishlarini chegaralash, barcha xalqaro tadbirlar, olimpiadalar va shu kabi boshqa tadbirlarni ham o‘tkazmaslik va ularda qatnashish uchun chet mamlakatlarga bormaslik hamda O‘zbekistonga kelayotgan chet ellik talaba va o‘qituvchilarning vaqtinchalik kirishini chegaralash choralarini qat’iy ko‘rish vazifalari belgilangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda bugun Farg‘ona va Toshkentda koronavirus aniqlangani, bemor shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur gap-so‘zlarga nisbatan SSV rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 79 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil, Iroq, Bahrayn, Afg‘oniston, Quvayt, Ummon, Braziliya, Xorvatiya, Shveysariya, Avstriya, Jazoir, Gruziya, Gretsiya, Shveysariya, Shimoliy Makedoniya, Norvegiya, Irlandiya, Estoniya, Dominikan Respublikasi, Belarus, Nigeriya, Yangi Zelandiya, Monako, Lyuksemburg, Litva, Qatar, Islandiya, Chexiya, Ozarbayjon, Daniya, Meksika, Ekvador, San Marino, Niderlandiya, Lixtenshteyn, Chili, Argentina, Ukraina, Tunis, Saudiya Arabistoni, Marokash, Latviya, Iordaniya, Armaniston, Andorra, Senegal, Indoneziya va Ruminiyada aniqlandi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Ayni vaqtda koronavirus bilan og‘riganlar dunyo miqyosida 94149 kishini tashkil etmoqda. Virus sabab qurbon bo‘lganlar soni esa 3219 taga yetdi, 50871 kishi esa ushbu virusdan davolanishga muvaffaq bo‘ldi.
LiveBarchasi