O‘zbekistonda xususiy universitetlarga qarshi kurash boshlandimi?
Tahlil
−
16 fevral
26314O‘zbekistonda 2023 yilning 20 fevralida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, 209 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 114 tasi davlat, 65 tasi nodavlat oliy ta’lim tashkiloti, 30 tasi xorijiy OTM va uning filiallari hisoblanadi. O‘zbekistondagi ilk nodavlat OTM – Qo‘qon universiteti – 2019 yilda ochilgan edi. Shundan so‘ng, xususiy universitet tashkil etish va ularga litsenziya berish jarayoni tezlashib ketdi.
Yaqindagina Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 5 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining litsenziyasi bekor qilingani, 1 ta nodavlat OTM litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sud jarayoni davom etayotgani haqida xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu universitetlarning 2 tasi: Valley Innovative University hamda Urganch shahridagi Binari universiteti bilan bog‘liq sud jarayonlari to‘liq tugallangan va ularning talabalari boshqa universitetlarga ko‘chirib o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, xususiy universitetlarda ta’lim jarayonini tashkil etish va litsenziya talablarining buzilganligi holatlari bo‘yicha norozilik murojaatlari kelib tushgan. Ular asosida tekshirish o‘tkazilib, hozirgacha “litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun” 6 ta xususiy universitetning tegishli litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritilgan.
Bizga hozircha faqat Valley Innovative University litsenziyasi bekor qilinishiga asos sifatida ko‘rsatilgan sabablargina ma’lum. Sud xulosasiga ko‘ra:
- Oliy ta’lim tashkilotining litsenziyada ko‘rsatilgan foydalanish uchun ajratilgan bino-inshootlari muassislarga mulk huquqi yoki ijara shartnomasi asosida tegishli ekanini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas;
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining HEMIS axborot tizimiga ta’lim oluvchilar va pedagog xodimlar to‘g‘risida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumotlar kiritilmagan;
- vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan shug‘ullanadigan rektor maslahatchisi shtat birligi joriy etilmagan;
- ta’lim tashkilotining bankdagi hisobvarag‘ida 150 ming AQSH dollari yoki shu miqdor ekvivalentdagi mablag‘ mavjud emas;
- 60 ta kompyuter texnikasi bilan jihozlangan elektron kutubxona va 20 ta kompyuter texnikasi, skaner va nusxa ko‘chirish apparati bilan jihozlangan axborot-resurs markazi tashkil etilmagan;
- ta’lim oluvchilar har bir fandan o‘quv adabiyotlari (darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari) bilan ta’minlanmagan deb topilgan va litsenziyadan mahrum qilingan.
Valley Innovative University ta’sischisining Qalampir.uz’ga ma’lum qilishicha, Oliy ta’lim vazirligi ularni hech qanday ogohlantirishlarsiz, bir kun ichida dalolatnoma tuzib, sudga chaqirtirgan. Shuningdek, u vazirlikka aloqasi bo‘lmagan shaxslar nodavlat OTM ochgani uchun turli bosim o‘tkazib, pul talab qilganini iddao qilmoqda.
“Mendan 150 ming dollar talab qilishdi (universitet hisobvarag‘ida turishi kerak bo‘lgan puldan tashqari). Men bu pulni bermadim. Universitet yopilishiga, balki shu sabab bo‘lgandir. Oliy ta’lim vazirligidan xodimlar kelgan kuni men xorijlik mehmonlarni universitet bilan tanishtirayotgan edim. O‘sha kunning o‘zida dalolatnoma tuzildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, meni sudga chaqirtirishdi. Eng ajablanarlisi, menga sud vaqtini uning boshlanishidan 5-6 soat oldin aytishdi”, deydi universitet ta’sischisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sud ikki marta bo‘lgan, ikkinchi sudda universitet yutib chiqqaniga qaramay, universitet litsenziyasi bekor qilingan. Undan tashqari, sudda universitet bajarmagan deya ko‘rsatilgan talablarning ayrimlari xususiy OTM tashkil etilgandan so‘ng o‘rnatilgan. Talablarning bu tarzda tez-tez o‘zgarib turishi esa, tadbirkorlarga noqulaylik tug‘dirmoqda.
Bugun esa Namangan Xalqaro universitetida yuzlab talabalar va ularning ota-onalari to‘planib, universitetning litsenziyasi olib qo‘yilayotganiga norozilik bildirdi.
Talabalar uchun o‘quv jarayonlari davom etayotgan bir paytda universitetning sudga tortilishi qanchalik adolatli?
NamXUning advokati sifatida sudda ishtirok etgan Bahodir Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, Adliya vazirligining tekshiruv o‘tkazilishi kerak bo‘lgan universitetlar ro‘yxatida NamXU bo‘lmagan:
“Gap shundaki, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 10 maydagi 133-sonli buyrug‘iga asosan NamXU OTMda tekshirish o‘tkazgan. Bu buyruqqa esa Adliya vazirligining 2023 yil 24 fevraldagi 18/6-6/2807-sonli xati asos bo‘lgan va shu asosda Biznes-ombudsman bilan tekshirish o‘tkazish yuzasidan kelishilgan. Lekin shu yerda bitta masala bor. Adliya vazirligining 2023 yil 24 fevraldagi 18/6-6/2807-sonli xatida avtomatik ravishda shakllanib ketgan litsenziyaga asos bo‘lgan 3 ta OTMda tekshirish o‘tkazilishi keltirilgan. Bu OTMlar ichida esa NamXU bo‘lmagan. Ammo tekshiruv o‘tkazilavergan, Biznes-ombudsman ham kelishib beravergan.
Biz tekshiruvlar bo‘yicha mansabdor shaxslarning xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish yuzasidan ma’muriy sudlarga arz qildik. Ma’muriy sudlarda vazirlik vakillari XFU hujjat bor, uni o‘qish mumkinmas, qarasangiz “toshga aylanib qolasiz” degandek munosabat qilishdi. Bu hujjat muhokama qilinmasa ham sud qarorlarida asos qilib ko‘rsatilaverdi. Taftish hay’ati bizga bu hujjat bilan tanishishga berdi (prokurorga bergani uchun bizgayam bering deb e’tiroz qilganimizdan so‘ng) va ko‘rsak u yerda Prezident administratsiyasining sobiq rahbari Umrzoqov xususiy OTMlar faoliyatini o‘rganish deb topshiriq bergan ekan. Tekshiruv emas. Aynan nomlar ham keltirilmagan. Lekin ma’muriy sudlar “o‘rganish” va “tekshirish” tartiblariga e’tibor qaratmadi”, deydi Bahodir Ahmedov.
Advokat Ahmedov iqtisodiy sudlarda yanada qiziq holatlar kuzatilganini aytmoqda. Vazirlik OTM ustidan litsenziyani bekor qilishga asos sifatida litsenziya shartlari bir marotaba qo‘pol ravishda buzilganini aytib, sudga murojaat qilgan. Biroq vazirlik “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunning 33-moddasida belgilangan qoidabuzarliklarning qaysi biri bo‘lgan deb so‘ralganda, aniq dalil va faktlar keltirib berolmagan.
“Shubhali tarzda barchasi tez ketayotgandi. Birinchi instansiyada bir kundayoq litsenziya bekor qilinsin deya qaror chiqarildi. Sud majlisi 15 minut bo‘ldi shekilli o‘ziyam. Apellyatsiyada ham ish shoshilib ko‘rildi. …Litsenziyani bekor qilish rad etilgan. Bitta masala, bitta predmet, bir xil asoslar. Sudya boshqa. Endi umidimiz Oliy suddan. Qayta taftish instansiyasi borku. Ammo unda bitta “to‘siq-sudya” bor. Uning ra’yiga bog‘langan hammasi...” deb yozadi advokat.
Jurnalist-huquqshunos Zafarbek Solijonov nega bu oliygohdan ham sharoiti og‘irroq bo‘lgan davlat ta’lim muassasalari turganda aynan shu kabi xususiy oliygohlar litsenziyasi bekor qilinmoqda, degan o‘rinli savolni o‘rtaga qo‘ydi.
“Agar prezidentga “shuncha xususiy universitet litsenziyasi bekor qilindi” degan mazmunda hisobot berilgan bo‘lsa, bu hisobot qonunga asoslanganmidi? Yoki “shunaqalariyam bor” mazmunida hisobot berilib, endi chora ko‘rish boshlanib ketdimi? Bu borada albatta siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerak, shuncha talabaning hayoti bilan o‘ynashilgan bo‘lsa. Prezident xizmat safarida yurganda “zo‘r ish” qilib qo‘yibsizlar, shunchaki ajoyib. Holat alohida maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganilishi zarur”, deydi Solijonov.
Nodavlat OTMlarga “qarshi kurash” qachon boshlandi?
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-tamoyillari to‘g‘risida”gi qonun 2021 yilda qabul qilingan va unda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyat uchun litsenziya berish bo‘yicha vakolatli organ etib, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ko‘rsatilgan. Lekin, inspeksiya faoliyati 2023 yilning 1 yanvar kuni tugatildi.
2023 yilning avgust oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan nodavlat oliy ta’lim muassasalari tashkil etishilishini litsenziyalash bilan bog‘liq korrupsiyaviy xavf-xatarlar tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, 2022—2023 yillarda faoliyati litsenziyalangan 65 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan 38 tasiga litsenziya berishda 82 ta holatda turli kamchilik va qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Ushbu tahlil yakunlari bo‘yicha agentlik tomonidan nodavlat OTMlarni tashkil etish faoliyatini litsenziyalash sohasida mavjud korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, prezident administratsiyasiga kiritilgani aytilgan edi.
Xuddi shu vaqtda, 2023 yilning avgust oyida xususiy universitet ochmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga vazirlik litsenziya berishni orqaga surayotgani ma’lum bo‘ldi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga litsenziya berish kimningdir og‘zaki topshirig‘i yoki jamoatchilikka e’lon qilinmagan yashirin hujjat bilan to‘xtatib qo‘yilgani, bunga sabab sifatida litsenziya berishning yangi tartibi ishlab chiqilayotgani ko‘rsatilganini aytdi. Lekin oradan yarim yildan ortiq vaqt o‘tdi hamki, yangi qonundan darak yo‘q.
Amaldagi hujjatda litsenziya berish bo‘yicha vakolatli deb hisoblangan organning o‘zi yo‘q, ammo avgust oyidan beri to‘rtta nodavlat OTM litsenziya olishga muvaffaq bo‘lgan. License.gov saytida litsenziyalovchi tashkilot sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘rsatilgan.
Qarshi xalqaro universiteti rektori, yuridik fanlari doktori Axtam Yakubov Xushnudbek Xudoyberdiyevga bergan intervyusida xususiy oliy ta’lim muassasalari faoliyatini davlat organi hisoblanmagan xolis tashkilot – fuqarolik jamiyati instituti monitoring qilib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yish yoki Nodavlat oliy ta’lim muassasalari Assotsiatsiyasini tuzishni taklif etgan edi. Ammo, bu taklif amalga oshmadi. Nodavlat universitetlarni monitoring qilib borish bilan ular hozirda raqobatlashayotgan davlat universitetlarining bevosita “egasi” — Oliy ta’lim vazirligi shug‘ullanmoqda.
Nodavlat OTM haqida odamlar qanday fikrda?
Nodavlat OTMda o‘qishga talab oshayotgan bir paytda ularning litsenziyasi bekor qilinishi xususiy ta’lim tashkilotlariga nisbatan ishonchning pasayishiga olib kelmoqda. Qalampir.uz aholining davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlariga oid fikr va qarashlarini bilish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnomada qatnashgan nodavlat OTM talabalarining barchasi o‘zlari tahsil olayotgan universitetdagi darslardan qoniqishini bildirdi.
“Xususiy universitetda ta’lim yaxshi beriladi, ustozlar darsga kreativ yondashadi. Shu sababli qiziqib, maza qilib o‘qiyapman. To‘g‘ri, davlat universitetida o‘qib ko‘rmaganman, ularning farqini aytib berolmasligim mumkin, lekin o‘zim tahsil olayotgan nodavlat ta’lim muassasasidagi darslardan ko‘nglim to‘lyapti” deydi talabalardan biri.
Davlat universitetlarida o‘qiyotgan talabalarning ba’zilari esa, xususiy oliygohlarga ishonch yo‘q, degan fikr bildirdi.
“Ko‘p xususiy universitetlar yopilib ketyapti, litsenziyasi olib qo‘yilyapti. Uyoqqa o‘qishga topshirib, pul to‘lab qo‘yganingizdan keyin, ishga kirishda diplom o‘tmasligi mumkin. Davlat universitetida ta’lim sifati unchalik yaxshi bo‘lmasa ham, uni bitirgandan keyin ish topish muammo bo‘lmaydi”, deydi O‘zMU talabasi.
Shunga qaramay, so‘rovnomada qatnashganlarning deyarli barchasi nodavlat OTMlarning O‘zbekistonda ochilishini foydali deb hisoblashini aytdi. Yurtdoshlarimizning fikricha, davlat universitetlari barcha yoshlarni o‘qishga qamrab ololmaydi, xususiy oliygohlar esa o‘qish istagida bo‘lganlarga shunday imkoniyatni beradi. Bundan tashqari, nodavlat universitetlar sifatli ta’lim uchun kurashmoqda va shu tufayli davlat universitetlari, umuman olganda, ta’lim beruvchi tashkilotlar o‘rtasida raqobat kuchayyapti.
Shu o‘rinda savol tug‘ilmoqda, nodavlat OTMlarning litsenziyasini olib qo‘yishdan maqsad ta’limning sifatini oshirishmi yoki…
Mohinur Mamatova