O‘zbekistonda xalqaro uyushgan narkoguruh a’zolari ushlandi (video)
3-sahifa
−
03 Oktabr 10354 2 daqiqa
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona xizmati xodimlari hamkorligida transmilliy uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi xalqaro tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilib, 111 kg giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning sentyabr oyida huquq-tartibot organlari hamkorligida transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi xalqaro tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona xizmati xodimlaridan iborat tezkor guruh tuzilib, 111 kg giyohvandlik vositalari qo‘lga kiritilgan.
Xalqaro uyushgan narkoguruhning 6 nafar a’zosi Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyatida qo‘lga olingan. Jumladan, joriy yilning 13 sentyabr kuni Farg‘ona viloyatida yashovchi shaxs giyohvandlik vositalarini qabul qilib olayotgan vaqtida ushlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, uyushgan jinoiy guruhning Andijon viloyatida yashovchi 2 nafar a’zosi 10 kg “gashish” giyohvandlik vositasini ko‘mib qo‘yilgan joydan olayotgan vaqtida ushlangan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida jinoiy guruhning Andijon viloyatida yashovchi 2 nafar a’zosi tumanda joylashgan oshxonada 6 ming dollar evaziga 1 kg “opiy” giyohvandlik vositasini sotib olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Jinoiy guruhning qolgan a’zolarini qo‘lga olish maqsadida Toshkent viloyatining Angren shahrida davom ettirilgan tezkor tadbirda esa muqaddam 3 marotaba sudlangan shaxs 5 kg “opiy” giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ushlangan. Transchegaraviy uyushgan narkoguruh bir necha yildan beri faoliyat yuritib, respublikaning Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozirda jinoiy guruhning qolgan a’zolarini qo‘lga olish maqsadida tezkor tadbir davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida Afg‘onistondan olib kelingan 25 kilogrammdan ortiq narkotik moddalar sotilishining oldi olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi