Toshkentda narkoguruh a’zolari 6 kg narkotik bilan ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida katta miqdordagi sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Uchtepa tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda Davlat xavfsizligi xizmati Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida, Yuqori Chirchiq tumanida istiqomat qiluvchi shaxsning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, giyohvandlik vositalarini tarqatishga tayyorlangan “zakladka” ko‘rinishidagi o‘ramlar aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, avgust oyining boshlarida S. ismli fuqaro va bir guruh shaxslar tomonidan giyohvand moddalarni “zakladka” usulida tarqatilayotgani haqida xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng tezkor tadbir tashkil etilgan. Tadbir davomida S. ismli fuqaro to‘xtatilib, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Xonadondan giyohvandlik vositalari aniqlanib, holat yuzasidan xolislar ishtirokida tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgan va ushbu moddalar ichki ishlar organlari ixtiyoriga olingan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchi tomonidan ijaraga olingan yana bir xonadon ham ko‘zdan kechirilgan. Ushbu xonadondan ham katta miqdordagi giyohvandlik vositalari topilgan.

Shuningdek, tadbir davomida S. ismli fuqaro bilan birga guruhning yana to‘rt nafar a’zosi Yuqori Chirchiq tumani hududida qo‘lga olingan.

Tergovga ko‘ra, S. ismli fuqaro Telegram orqali noma’lum shaxs bilan bog‘langan va moddiy manfaat evaziga guruh a’zolari bilan birgalikda giyohvandlik vositalarini yashirishda ishtirok etgan. Xususan, xonadonning muzlatkichiga to‘rtta plastik idishda o‘tkir hidli, oq-sarg‘ish rangli sintetik giyohvandlik vositalari hamda baklashkadagi suyuq holatdagi sintetik giyohvandlik vositasi joylashtirilgani aniqlangan.

Gumonlanuvchilardan biri so‘roq vaqtida Instagram orqali ushbu ish haqida bilib, yaxshi pul taklif qilingani uchun bunga qiziqqanini aytgan. Undan Chorvoqqa chiqib kelishini so‘rashgan. U avval Chorvoqqa borib kelganini, keyinchalik esa shahardagi ko‘rsatilgan xonadonga bir narsani olib borib, muzlatkichga qo‘yganini bildirgan.

U qilgan ishidan pushaymon ekanini, bunday ishni boshqa takrorlamasligini aytgan.

Tezkor tadbir natijasida jami 6 kilogramm 100 gramm giyohvandlik vositasi topilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu miqdor 20 ming 333 ta bir martalik dozaga teng bo‘lib, giyohvandlik vositalarining aholi orasida tarqalishining oldi olingan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi tanlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida ichki ishlar xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmay, qochishga uringan Cobalt haydovchisining avtomashinasidan 4 kilogrammdan ortiq “gashish” aniqlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing