O‘zbekistonda karantinni kuchaytirishga asos bormi?
Jamiyat
−
18 Sentabr 2020
15416Bir necha kundirki, O‘zbekistonda karantin choralarining kuchaytirilishi bilan bog‘liq gap-so‘zlar diqqat markazida bo‘lib turibdi. Bozorlar, odamlar gavjum joylarda allaqachon 15 oktyabrdan karantin qaytarmish degan gaplar tarqalgan. Bir necha kun oldin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ushbu masala yuzasidan murojaat qilgandi. Mutaxassis bugun, 18 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda yana mazkur masalaga to‘xtaldi.
Uning qayd etishicha, ayni vaqtda karantin choralarini takroran kuchaytirilishiga asos bo‘ladigan sabab yo‘q
“Koronavirus infeksiyasi bilan kurashishi uchun respublika sog‘liqni saqlash tizimi yetarli darajada dori vositalari, test sistemalar, shifo o‘rinlari, IVL (sun’iy nafas olish apprati), kislorod konsentratorlari va tibbiy maxsus kiyimlarning yetarli zaxirasi tashkil etilgan.
COVID-19 bilan kurashishda davlatimiz tibbiyot xodimlari xorijiy xamkasblari bilan muntazam aloqa o‘rnatdi va ilg‘or xalqaro tajribalarni respublikamiz tibbiyot amaliyotiga tadbiq etish imkoniyati yaratildi”, deydi respublika bosh sanitariya inspektori.
Otabekovga ko‘ra, fuqarolar o‘zi va yaqinlarini sog‘ligini saqlash uchun karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishi kerak.
“Respublikada karantin bekor qilingani yo‘q, yumshatildi xolos”, deydi mutaxassis. U rioya qilinishi kerak bo‘lgan talablarni eslatdi:
• bu davrda yo‘l qo‘yilgan mas’uliyatsizlik, ushbu kasallikga chalinish ehtimolini oshiribgina qolmasdan, ba’zi yondosh kasalligi bor odamlarda og‘ir kechishi, hatto o‘limga ham olib kelishi mumkinligini unutmaslik;
• odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda (istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari, mahalla, ko‘chalar, savdo, transport va h.k) aholi tomonidan shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish qoidalarini buzilishi holatlariga barham berish bo‘yicha kengaytirilgan tushuntirish va nazorat tadbirlarini davom ettirish, belgilangan talablarni buzgan shaxslarga murosasiz bo‘lish;
• fuqarolarga o‘zlari, yaqinlari va atrofdagilarning sog‘lig‘i uchun mas’ul ekanliklarini doimo eslatib turish, ularni tartibga chaqirish, shuningdek, turli surunkali kasalliklarga chalingan va koronavirusni og‘ir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan aholi qatlamini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni bajarishda aholini vijdonan yondoshishga chaqirish.