O‘zbekistonda karantinni qaytarishga sabab bo‘lgan 6 muammo ochiqlandi
Jamiyat
−
09 iyul 2020
21688Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini qayta tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 10 iyulidan 1 avgustiga qadar respublika miqyosida karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirilmoqda. Bu bilan O‘zbekiston kuchaytirilgan karantin choralariga qaytgan ikkinchi mamlakat bo‘lmoqda. Xo‘sh, mamlakatda yana karantin tadbirlarining kuchaytirilishiga qanday asos bor? Respublika maxsus komissiyasi mavjud muammolarni ochiqladi.
Ular quyidagicha:
1. 2020 yilning 10 iyuliga kelib, O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimi katta bosimga duch keldi. Mavjud sog‘liqni saqlash muassasalari quvvati yangi COVID-19 ga chalingan bemorlarni qabul qilish uchun yetarli emas.
2. Ayni vaziyatda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun COVID-19 bilan zararlanganlar sonini qisqartirish hamda kasallanish zanjirini hech bo‘lmaganda bir oyga uzish va tizimni qayta tiklash hayotiy zaruriyatdir.
3. Qat’iy karantin choralarini qo‘llamaslik — koronavirusga chalinganlarni statsionar davolash uchun kasalxonalarda joy qolmasligi va ular bilan ishlash uchun shifokor va tibbiy xodimlarni yetishmasligiga olib keladi.
4. Boshqa kasalliklardan sodir bo‘ladigan ehtimoliy o‘lim holatlarini hisoblashning imkoni bo‘lmaydi, sababi barcha tibbiyot xodimlari va yotoq o‘rinlari COVID-19 bemorlari bilan band bo‘ladi.
5. COVID-19 bilan kasallangan shifokorlar soni ko‘paymoqda. Ko‘pchilik karantinda bo‘lgani sababli xodimlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan. Shifokorlar va tibbiyot xodimlariga bo‘lgan psixologik bosim eng yuqori nuqtaga yetdi.
6. Rasmiy statistika faqat aniqlangan kasallanish holatlarini qayd etmoqda. Haqiqiy holat boshqa mamlakatlardagi kabi bir necha barobar farqli bo‘lishi mumkin. Sababi hamma bemorlar ham tibbiy yordamga murojaat qilishmayapti, simptomsiz bemorlarni esa hisobga olishning imkoni yo‘q.
Yechim:
1. Tibbiyot muassasalarining faoliyatini yengillashtirish uchun bemorlarni uyda davolash va karantinni uyda o‘tkazish bo‘yicha bayonnoma qabul qilindi.
2. Karantin markaziga qo‘proq fuqarolarni qabul qilish va ularning karantinda bo‘lish muddatini kamaytirish imkonini beruvchi yangi qisqa muddatli karantinda saqlash protokoli qabul qilindi.
3. 20 kunlik tanaffus — sog‘liqni saqlash muassasalari, shifokorlar va tibbiyot xodimlariga bo‘lgan bosimni yumshatish va avgust oyida mamlakat iqtisodiyotini tiklashda davom etish uchun zarur.
LiveBarchasi