O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini o‘lchashda yangicha usul ishlab chiqildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi asosiy muammo va to‘siqlarni aniqlash hamda kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilab olish maqsadida 2021-2030 yillarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha milliy strategiya loyihasini ishlab chiqdi.

Strategiyada mamlakatda kambag‘allik darajasi va uni o‘lchash hamda bu boradagi muammo va to‘siqlar haqida gap boradi.

Jumladan, ayni paytda mamlakatda amalda bo‘lgan kambag‘allikni jon boshiga kunlik iste’mol qilinishi lozim bo‘lgan kaloriyalar qiymatiga asoslangan holda o‘lchash uslubi – oziq-ovqat kambag‘alligi darajasining o‘lchovi bo‘lib, bu uslub odatda daromad darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichning quyi qismida bo‘lgan mamlakatlar uchun qo‘llanilmasligi ta’kidlanadi.

Shu sababli endilikda undan siyosatni shakllantirish jarayonidagi vosita sifatida foydalanish mumkin emasligi, bundan tashqari, ma’lumotlar to‘plash va kambag‘allik darajasini o‘lchashning amaldagi metodologiyasi xalqaro darajada taqqoslash o‘tkazish imkonini bermayotganligi aytiladi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, ayni paytda mamlakatga quyidagi imkoniyatlarni yaratadigan yangi yondashuvlar sinovdan o‘tkazilmoqda:

•    o‘ta kambag‘allik darajasini xalqaro darajada qabul qilingan kambag‘allik chegarasi (kuniga 1,90 AQSH dollaridan kamroq mablag‘ hisobiga kun kechiradigan aholi ulushi) asosida hisoblash hamda kambag‘allik darajasini daromad darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichning quyi qismida bo‘lgan mamlakatlar uchun belgilangan 3,20 AQSH dollariga teng bo‘lgan xalqaro kambag‘allik chegarasi darajasi asosida hisoblash;
•    kambag‘allikning turli jihatlarini aks ettirish maqsadida, sog‘liqni saqlash, ta’lim va uy xo‘jaliklarining daromad yoki xarajatlari kesimidagi ko‘rsatkichlarni birlashtirgan ko‘p o‘lchamli kambag‘allik indeksini ishlab chiqish;
•    milliy kambag‘allik darajasini mamlakat uchun minimal turmush darajasining yangi qabul qilingan o‘lchovidan foydalangan holda hisoblash.

2020 yilda hukumat tomonidan kiritilgan qat’iy karantin choralaridan so‘ng barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning yarmi pandemiyaning dastlabki bosqichida o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatdi. 2020 yil yanvar oyida YAIM prognoz qilingan
5,7 foizdan 1,6 foizga tushib ketdi; tashqi savdo, investitsiyalar va pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada kamaydi. Bularning bari iqtisodiyotga va, ayniqsa, aholining kambag‘al qatlamiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning o‘sishi barqaror bo‘lib qolgani bilan, hisob-kitoblarga ko‘ra, aholining 1,3 foizi (yoki 448 ming nafar inson) inqiroz tufayli kambag‘allik domiga tushdi. 

Rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan kambag‘allik darajasi 2000 yildan beri ikki barobarga kamayib, 2000 yildagi 28 foizdan 2019 yilda 11 foizga tushdi. Shu bilan birga, hududiy tengsizlik saqlanib qolmoqda va hatto yildan-yilga oshib bormoqda. Jahon banki tomonidan qabul qilingan chegara (Daromad darajasi o‘rtacha kesimning quyi qismida bo‘lgan davlatlar uchun xarid qobiliyati pariteti jon boshiga bir kunda 3,2 AQSH dollarini tashkil etadi) asosida baholanganda, 2018 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9,5 foizni tashkil etgan. Bu hisob-kitoblar “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi doirasida olingan tadqiqot natijalariga ko‘ra o‘zini “kambag‘al”, deb hisoblaydigan uy xo‘jaliklarining o‘z-o‘zini sub’ektiv tasniflash ko‘rsatkichlariga mos keladi.


Maqola muallifi

Teglar

kambag'allik

Baholaganlar

210

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing