Har yili 50 ta mahalla kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi
Jamiyat
−
14 avgust
2759Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 avgust kuni kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda ushbu ikki sohani mutanosib rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bildirilishicha, tahlillardan kelib chiqib, kambag‘allikni aniqlash mezonlari va manzilli ro‘yxati shakllantiriladi. Jumladan, unga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi hamda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lganlar kiritiladi. Bunday oilalar “mahalla yettiligi” va faollari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlanadi. Kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan barcha ijtimoiy xizmat va yordamlar “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, kambag‘allik omillarini o‘rganish uchun ijtimoiy himoya va bandlik masalalarida 8 ta yo‘nalishda yagona savolnoma ishlab chiqiladi. Shu asosida oilalarning imkoniyatlari baholanib, 3 ta toifaga ajratiladi. Har bir oilaga individual yondashilib, “oyoqqa turishi”ga ko‘maklashiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hokimliklar tomonidan har yili 50 ta mahalla tanlab olinib, ular kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib boriladi.
“Oxirgi yillarda to‘plangan tajriba va odamlarning ehtiyojidan xulosa qilib, kambag‘allikni qisqartirishni yangi bosqichga olib chiqish kerak. Ehtiyojmand insonlarning xohishi va imkoniyatini qo‘llab-quvvatlab, hayotga, jamiyatga olib kirish zarur. Umuman, har qanday ijtimoiy yordam pirovardida bandlikka bog‘lanishi shart”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar ijrosi bo‘yicha 3 bosqichda – mahalla va tuman, viloyat hamda respublika darajasida monitoring tashkil qilinadi. Bu borada jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini aniqlash uchun foydalaniladigan minimal iste’mol xarajatlari miqdori oshirilgani xabar qilingandi.