O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 1 millionga yaqin aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirildi. Bu haqda bugun, 27 aprel kuni Xalqaro kongress markazida o‘tkazilgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Forumda islohotlar natijasida O‘zbekistonning mintaqadagi iqtisodiyoti eng yuqori diversifikatsiya qilingan mamlakat sifatidagi maqomi yanada mustahkamlangani qayd etildi.

Bir yilning o‘zida 100 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilindi, kiritilgan xorijiy sarmoyalarning yillik hajmi 10 milliard dollarga yetdi yoki islohotlar boshlangan 2017 yilga nisbatan 3 barobar oshdi, 1 millionga yaqin aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirildi. Islohotlar boshlangan davr (2017 yil)da bu ko‘rsatkich 30 foizdan yuqori edi.

“Albatta, bu yutuqlarda siz, hurmatli hamkorlarimizning o‘rni beqiyos. Oxirgi yillarda sizlarning ko‘magingiz bilan mamlakatimizda minglab zamonaviy korxonalar tashkil qilindi, yirik loyihalar amalga oshirildi, yuz minglab yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratildi”, dedi Prezident.

Prezident islohotlar jadal davom etishi, O‘zbekistonda biznes emin-erkin rivojlanishi uchun yanada mustahkam huquqiy poydevor kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Yaqin kunlarda Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkaziladi.

Eng avvalo, yangi Konstitutsiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani alohida belgilanmoqda. Barcha o‘zgartirishlarning tub negiziga “inson huquqlari va erkinliklari ustuvor” degan ezgu g‘oya qo‘yilmoqda. Shuningdek, Konstitutsiyamizda ilk bor qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, sud mustaqilligi bo‘yicha davlat o‘ziga majburiyatlar olmoqda.

“Hech shubhasiz, yangi Konstitutsiya – biz boshlagan islohotlarni izchil davom ettirib, eng muhimi, ularga ortga qaytmaydigan tus berishi muqarrar”, dedi Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing