O‘zbekistonda qoramollar orasida yuqumli kasallik tarqalgani rostmi?
Jamiyat
−
11 Sentabr
33285Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs tomonidan qoramollarda yuqumli kasallik tarqalgani tufayli har joydan ham go‘sht sotib olmaslikka chorlovchi audioxabar tarqaldi. Holatga Qishloq xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
Vazirlik holat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda tegishli idora vakillari hamkorligida atroflicha o‘rganilganini bildirdi. Unga ko‘ra, so‘nggi olti oy davomida hududdagi chorva mollarida biror-bir kasallik aniqlanmagani, qoramollar sog‘lom parvarish qilinayotgani aniqlangan.
Yolg‘on va asossiz xabar tarqatgan audioxabar egasi Farg‘ona viloyati, Buvayda tumanida yashovchi fuqaro F.T. ismli ayol kishi ekani ma’lum bo‘ldi. Unga yolg‘on xabar berish, vahima uyg‘otuvchi asoslanmagan ma’lumot tarqatish uchun qonunchilikda jiddiy jazo borligi tushuntirilgan hamda mutasaddi idoralar tomonidan ogohlantirilgan.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining taqdim etgan ma’lumotida keltirilishicha, O‘zbekistonda qoramollar soni 14,5 million boshga, 2023 yilga nisbatan 435 ming boshga, qo‘y-echkilar 24,1 million boshga, o‘tgan yilga nisbatan 500 ming boshga ko‘paygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iste’mol narxlari indeksi e’lon qilinib, bir nechta mahsulotlar, jumladan go‘sht narxi oshgandi.