O‘zbekistonda qoidabuzarlikni aniqlashda dronlardan foydalanilishi mumkin
Jamiyat
−
24 mart 2023
4648O‘zbekistonda aholi punktidan tashqaridagi yo‘llarda qoidabuzarlikni aniqlashda dronlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida keltirilgan.
Qayd etilishicha, 2023 yilning 1 oktyabriga qadar aholi yashash punktlaridan tashqaridagi yo‘llarda qoidabuzarlik, qidiruvdagi transport vositasini aniqlash, zarur choralarni ko‘rish hamda yordam ko‘rsatishda tezkorlikka erishish maqsadida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish hamda ularni saqlash bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasini o‘rganib chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.
Zamonaviy raqamli texnologiyalar hisobiga tarqoq tizimlarni birlashtirish orqali yo‘l harakati xavfsizligini boshqarishning samaradorligini oshirish maqsadida, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimi yaratiladi.
Shuningdek, yagona axborot tizim Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining barcha amaldagi axborot tizimlarini yagona platformaga o‘zaro integratsiya qiladigan platforma hisoblanadi va respublika ijro etuvchi hokimiyat hamda prokuratura va sud organlarining faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.
Yagona axborot tizimini ishlab chiqish, uni to‘liq joriy etish hamda texnik qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlar Yagona axborot tizimining “Ma’muriy amaliyot” moduli orqali o‘zaro integratsiya qilingan Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida yagona elektron ish yurituv tizimi tartibiga muvofiq yuritiladi.
Yagona axborot tizimidagi huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma hamda ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar “E-ma’muriy ish” axborot tizimi orqali shakllantiriluvchi yagona xos (unikal) raqam orqali ro‘yxatga olinadi;
Loyihaga ko‘ra, yagona axborot tizimining “Ma’muriy amaliyot” moduli Oliy sud hamda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilingan holda faoliyat yuritadi.
LiveBarchasi