O‘zbekistonda QQS stavkasi qachon 12 foizga tushirilishi aniq bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i 15 foizdan 12 foizga qachon tushirilishi ma’lum qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z boradi. Farmon o‘tgan yilning 30 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Unga ko‘ra, 2023 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizgacha hamda bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi 15 foizgacha tushiriladi. 

Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2022 yil 1 noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak. 

Shuningdek, farmonda 2022 yilda yillik inflyatsiya darajasini 9 foizgacha va 2023 yilda 5 foizgacha hamda fiskal taqchillikni 3 foizgacha pasaytirish choralari ko‘rilib, keyinchalik inflyatsiya va davlat byudjeti taqchilligi ushbu ko‘rsatkichdan oshmasligini ta’minlab borish belgilangan. 

Bunda, davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026 yil yakuniga qadar bank sektorida xususiy ulush 60 foizgacha oshirilishiga alohida e’tibor qaratiladi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirilishi haqida o‘tgan yilning sentyabr oyida O‘zLiDePning X s’ezdida ma’lum qilgandi. 

“2020 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirgan edik. Endi, zarur tayyorgarlik ishlarini ko‘rgan holda 2023 yildan boshlab ushbu soliq stavkasini 15 foizdan 12 foizga tushiramiz”, degan edi davlat rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

QQS

Baholaganlar

188

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing