125 mlrd so‘mlik sun’iy QQS orqali keshbek olishga uringanlar ushlandi

3-sahifa

image

Farg‘onada 125 mlrd so‘mlik sun’iy QQS orqali noqonuniy keshbek olish sxemasi aniqlandi. Bu haqda viloyat soliq boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tahlillar davomida tizimda yirik qonunbuzilish holati aniqlangan. Xususan, fuqaro T.Z. rahbarligida Farg‘ona shahrida “E.F.F.” hamda “F.E.O.Z.” MCHJlari tashkil etilgan hamda joriy yil may oyida Surxondaryo viloyati Termiz shahridan ro‘yxatdan o‘tgan “T.B.S.E.” MCHJdan jami 1,2 trln so‘mlik un va sariyog‘ mahsulotlari sotib olindi deya, elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilgan.

Soliq organlari xodimlari tomonidan korxonalarning iyun oyida may oyi uchun taqdim etgan QQS hisobotlari tahlil qilinib, ularning yuridik manzilidagi omborda tovar mahsulotlari mavjud yoki mavjud emasligi o‘rganilgan. Natijada Farg‘onadagi korxonalarga hech qanday tovarlar yetkazib berilmaganligi hamda mahsulotlar uchun biror so‘m ham pul o‘tkazmalari amalga oshirilmaganligi aniqlangan.

“Bundan ko‘rinadiki, Termiz shahridagi korxona tomonidan Farg‘ona shahridagi 2 ta MCHJga 125,4 mlrd so‘m miqdorida sun’iy QQS to‘lovi hosil qilishga urinilgan”, deyiladi boshqarma axborotida.

Shundan so‘ng, “E.F.F.” hamda “F.E.O.Z.” MCHJlarning QQS guvohnomasi vaqtincha to‘xtatilib, aniqlashtirilgan QQS hisobotlari olingan hamda 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS hisobdan chiqarilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu firibgarlik sxemasi ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta fiskal chek sotish va ular asosida noqonuniy keshbek olish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etilgan.

Bildirilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan ma’lumotlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Farg‘ona viloyatida “Soliq Mobile” ilovasi orqali 3,2 milliard so‘m mablag‘larni keshbek sifatida talon-toroj qilgan bir guruh shaxslar qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing