O‘zbekistonda qiynoq ortidan kelib chiqqan o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin
3-sahifa
−
26 avgust
2784O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Qonun bilan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lishi kabi og‘irlashtiruvchi javobgarlik belgilanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat kengashining 2024 yil 21 fevraldagi topshirig‘ida Jinoyat kodeksining 235-moddasini (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish IIV, DXX, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, TIV va Adliya vazirliklariga yuklatilgan.
Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq 235-modda 3- va 4-qism bilan to‘ldirilmoqda.
- ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar badanga og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
- ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Loyihada qayd etilishicha, qonun bilan taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar orqali aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash shaxs qadr-qimmatini oshirishiga hamda sezilarli darajada yaxshilanishiga erishiladi. Bundan tashqari, amaliyotda qiynoq oqibatida o‘lim holati yuz berganda, qo‘shimcha modda bilan malakalash talab qilinmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bekobod shahrida IIB xodimi sudlanuvchining akasini urib o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng holat yuzasidan bir xodim qamoqqa olindi. Bo‘ka tumanida esa tergovdagi fuqaroning o‘limiga sababchi bo‘lgan IIB xodimlari qamaldi.
LiveBarchasi