Bo‘lajak olimlarning 44,5 foizi doktaranturani himoyasiz bitirgan

Jamiyat

image

O‘zbekistonda moddiy-texnik, ilmiy-intellektual resurslarni to‘liq safarbar etgan holda mavjud ilmiy-texnik salohiyatdan yetarli darajada foydalanilmayapti.

Xususan, so‘nggi uch yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida 608 nafar izlanuvchi tayanch doktorantura va doktoranturada tahsil olganiga qaramay, ularning 44,5 foizi doktoranturani himoyasiz yakunlagan. 

Bu haqda kecha, 27 sentyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash: milliy amaliyot va xorijiy tajriba” mavzuidagi konferensiyada so‘z bordi. 

Ta’kidlanganidek, 2007-2016 yillarda bajarilgan 841 ta fundamental tadqiqotlarning 35 tasi yoki 4,2 foizi idoralararo tadqiqotlar bo‘lib, bu ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalarining loyihalarda faqat o‘zlari ishtirok etishga harakat qilganini anglatadi. Ushbu holat oliy ta’lim va akademik ilm-fanning integratsiyasiga jiddiy to‘sqinlik qilib, natijada bu ahamiyati past ilmiy loyihalarning ko‘payishiga olib kelgan.

Shuningdek, tadqiqotchilarda innovatsion va startap loyihalarni tayyorlash tajribasining yetishmasligi oqibatida innovatsion ishlanmalar va texnologiyalarni iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va sohalariga joriy qilish darajasi pastligicha qolmoqda.

Anjumanda qayd etilgan shu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bir qator amaliy tavsiyalar bildirildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tavsiya etiladigan jurnallarning faoliyatini xalqaro talablarga bosqichma-bosqich moslashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek dissertatsiya ishlarini rasmiylashtirish, tarqatish va topshirish jarayonlarini elektron hujjatlashtirish tizimiga o‘tkazish maqsadga muvofiqligi bildirildi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM fundamental himoyasiz yakunlagan

Baholaganlar

28

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing