O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan ba’zi gugurtlar ham sifatsiz bo‘lib chiqdi
Jamiyat
−
01 avgust
3716O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi beshta gugurt ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari sifatsiz ekanligini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, korxonalar gugurt cho‘plarini qutiga me’yoridan kam miqdorda joylashtirib kelgan va shu orqali iste’molchilarga jami 65 milliondan ortiq ortiqcha mablag‘ undirib olgan.
“Gugurt mahsulotlari GOST 1820-2001 standarti talablari bo‘yicha 4 (2/3) formatdagi gugurtlarning alohida qutilarida eng ko‘p to‘ldirilishi 40 dan 60 donani tashkil etishi, eng kam to‘ldirilishi 37 dan 52 donagacha bo‘lishi lozim. Ammo “JEEP” nomli gugurt qutisida har ikki holatda ham minimal gugurt cho‘pi to‘ldirilishi soni 11-17 donaga kamligi aniqlangan.
Qo‘mita tomonidan mazkur holatlar yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda “Up Match” MCHJ 2024 yil 22-29 aprel kunlari 1500 gofra, ya’ni 1 500 096 quti miqdorida 150 000 000 so‘mlik standart talablariga nomuvofiq bo‘lgan gugurt mahsulotlarni sotuvga chiqargani ma’lum bo‘ldi. Bu holat tahlil qilinganda har bir iste’molchi chakana savdo ob’ekti orqali 10 qutidan gugurtni xarid qilgan taqdirda jami 150 mingta iste’molchi sotib olgan hisoblanadi”, degan qo‘mita.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 29,8 foiz kam to‘ldirilgan gugurt mahsulotlari sotilishi natijasida iste’molchilardan 44 700 000 so‘m ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlangan.
“Shuningdek, “ATLAS-INVEST” MCHJ 2024 yil fevral-mart oylarida jami 605 gofra miqdorida 66 500 000 so‘mlik standart talablariga nomuvofiq bo‘lgan gugurt mahsulotlarni sotuvga chiqargani ma’lum bo‘ldi. Tahlil natijalariga ko‘ra, kam to‘ldirilgan gugurt mahsulotlari sotilishi natijasida iste’molchilardan 20 493 000 so‘m ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlangan.
Ushbu holatlar yuzasidan sifatsiz gugurt mahsulotlarini savdo rastalaridan olish choralarini ko‘rish va ortiqcha olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha “Up Match” MCHJ va “ATLAS-INVEST” MCHJlarga qonun buzilishini bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan va jamiyatlar tomonidan ko‘rsatma talablari bajarilgan”, deyilgan xabarda.
Bundan tashqari, “AVION”, “FESKO” va “VICTORY” savdo belgisi ostidagi gugurt mahsulotlari xorijiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgani aniqlangan va ularga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston do‘konlarida sotilayotgan 8 ta oziq-ovqat mahsulotining laboratoriya sinovlari amaldagi hujjatlarga nomuvofiq deb topilgandi.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi