O‘zbekistonda intim hayotga oid ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi
Jamiyat
−
14 mart 2022
16452O‘zbekistonda shaxs hayotining sir tutiladigan ma’lumotlarini oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bu haqda “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev), Oliy sud (K.F. Kamilov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) va Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) 2022 yil 1 iyunga qadar Vazirlar Mahkamasiga tegishli qonun loyihasini kiritadi. Loyiha quyidagilarni nazarda tutadi:
• tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;
• chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish va O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqini cheklash bo‘yicha majburlov choralarini qo‘llamaslik;
• ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
• yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
• shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash;
• ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy jalb qilish tarzidagi ma’muriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash.
Avvalroq alimentdan qarzdorlarning transport vositasini boshqarish va nikoh tuzish huquqi cheklab qo‘yilishi ma’lum bo‘lgandi.
LiveBarchasi