O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi yillik hisobda 13,6 foizni tashkil etdi

Jamiyat

image

2019 yilning I choragida makroiqtisodiy holat Markaziy bankning asosiy prognozlariga mos ravishda shakllandi. Yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (5,1 foiz) jadallashib, 5,3 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.

Mazkur davrda iqtisodiy o‘sishning asosiy “drayverlari” o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi banklar tomonidan kreditlash faolligining oshishi hamda o‘rta darajadagi yumshoq soliq-byudjet siyosatining yuritilishi hisobiga asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalarning yuqori darajada o‘sganligi (2018 yilning shu davriga nisbatan 29,3 foizga ko‘p), shuningdek, aholi daromadlari o‘sishining davom etishi kabi omillar bo‘ldi.

Taklif omillari tomondan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarining 6,8 foizga oshishi, shu jumladan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishning – 18,3 foizga, qurilish ishlarining – 5,9 foizga va xizmatlar ko‘rsatishning – 11,1 foizga oshishi yalpi ichki mahsulot o‘sishiga asosiy hissa qo‘shdi.

Kreditlash hajmlarining o‘sish sur’ati deyarli o‘zgarmadi va o‘tgan yilning mos davri darajasida bo‘ldi. Biroq, kredit portfeli tarkibida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, milliy valyutadagi kreditlarning o‘sish sur’ati deyarli 2 barobar pasaygan bo‘lsa, xorijiy valyutadagi kredit qo‘yilmalari o‘sishining tezlashishi kuzatildi.

Kredit portfeli tarkibidagi ushbu tendensiyalar inflyatsiya darajasi va valyuta bozoridagi holatga joriy bosimning oldini olishi imkonini bersa, ayni paytda, ushbu xatarlarni keyingi davrlarda (o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda) ro‘y berish ehtimolini oshiradi.

Bunday sharoitda tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda iqtisodiyotga qarz majburiyatlarini yuqori sur’atlarda jalb qilinishining vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratish zaruriyati ortib bormoqda.

Umuman olganda, xorijiy valyutada kreditlash hajmlarining yuqori sur’atlarda saqlanib qolishi, bir tomondan, iqtisodiyotda investitsion talabning yuqoriligini aks ettirsa, boshqa tomondan, investitsion resurslarni jalb qilishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kanali va kapital bozorining to‘liq safarbar etilmaganligini natijasida loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha asosiy yukning bank tizimi zimmasiga to‘g‘ri kelayotganligini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida o‘rta darajadagi yumshoq soliq-byudjet siyosati yuritildi va davlat byudjeti ijrosi 1,1 trln. so‘mlik defitsit bilan bajarildi. Mazkur defitsitning davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarish va tashqi qarzni jalb qilish orqali qoplanishi uning inflyatsion bosimini yumshatishga xizmat qildi.

Inflyatsiya darajasi Markaziy bankning asosiy prognozlarida nazarda tutilgan xatarlarning qisman amalga oshishi va narxlarga mavsumiy omillar ta’siri natijasida shakllanib, chorak yakunlari bo‘yicha yillik hisobda 13,6 foizni tashkil etdi va 13,5-15,5 foizlik prognoz koridorining quyi chegarasida bo‘ldi.

Inflyatsiya darajasining prognoz ko‘rsatkichlari doirasida saqlanib qolishi, ichki bozorda tovarlar va xizmatlar taklifining ortishi, shuningdek, milliy valyuta almashuv kursini barqarorligi qisqa va o‘rta muddatli inflyatsion kutilmalarning pasayishiga xizmat qildi.

Markaziy bakning ichki valyuta bozoridagi intervensiyalarining belgilangan parametrlar doirasida bo‘lishi, davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarilishi hamda Markaziy bankning depozit auksionlari bank tizimidagi qo‘shimcha likvidlikni sterilizatsiya qilish imkonini berdi va iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalarini saqlab qolinishiga xizmat qildi.

Iqtisodiyotda jamg‘arish faolligining barqaror o‘sish tendensiyasi saqlanib qoldi. 2019 yilning I choragida jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari hajmi 19,2 foizga, yuridik shaxslarniki esa – 13,2 foizga o‘sdi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi. Asosiy kapitalga investitsiyalarning jadal o‘sishi va tashqi qarz manbalaridan investitsion resurslari oqimining ortishi, uskunalar va ishlab chiqarish liniyalari importida aks etmoqda.
Bu o‘z navbatida, joriy hisoblar balansi manfiy saldosining saqlanib qolishiga olib keldi.

Markaziy bank iqtisodiy o‘sishning 5,2-5,4 foizlik asosiy prognozini saqlab qolmoqda. Keyingi davrlarda ham xorijiy kredit liniyalari va o‘rta darajadagi yumshoq soliq-byudjet siyosati hisobiga investitsiyalarning yuqori sur’atlarda o‘sishi, aholi daromadlarining ortishi hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalarining ijobiy dinamikasi iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bo‘lib qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank

Baholaganlar

8

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing