O‘zbekistonda ilk bor yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi joriy etildi
Jamiyat
−
23 aprel 2025 22765 1 daqiqa
Navoiy viloyatining Konimex tumanida ekologik va qishloq xo‘jaligi sohalarida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan innovatsion loyiha – yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi amalga oshirildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Xabarda uzoq yillar davomida tumanda yog‘ingarchilikning kamligi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi chorvachilikning rivojlanishiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotgani qayd etilgan. Mazkur muammoni hal etish maqsadida birinchi bor tumanga yog‘ingarchilikni sun’iy ravishda yuzaga keltiruvchi zamonaviy apparat olib kelingan.
Qayd etilishicha, ushbu apparat orqali atmosferadagi tabiiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatilib, bulut hosil qilish va yomg‘ir yog‘dirish imkoni yaratiladi.
“Bu texnologiya O‘zbekistonda ilk marta qo‘llanilayotgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – qurg‘oqchilikka qarshi samarali kurash va yaylovlar holatini yaxshilashdir. Ayni paytda bu innovatsiya suv manbalariga bog‘liqlikni kamaytiradi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shadi hamda chorvachilik va dehqonchilik sohalaridagi ishlab chiqarish hajmini oshirishga zamin yaratadi”, deyiladi xabarda.
Loyiha Qozog‘istonning International Centre of Climate Change Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Live
Barchasi