O‘zbekistonda sun’iy tarzda qor va yomg‘ir yog‘dirilishi mumkin. Bu qanday qilinadi?

Intervyu

image

O‘zbekistonda sun’iy tarzda qor va yomg‘ir yog‘dirilishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori o‘rinbosari Ibratjon Karimov “Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar” yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Oxirgi paytlarda sun’iy usul orqali yomg‘ir yog‘dirish texnologiyalari juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan yili Birlashgan Arab Amirligi va Saudiya Arabistonida atmosfera havosiga faol ta’sir qilish natijasida qor yog‘dirilgan. Bu ishlar Gidrometeorologiya institutining bazasida 1963 yilda boshlangan. Eng oxirgi ilmiy tadqiqot esa 1990-yillarda bo‘lgan. O‘sha paytlarda samolyotlarda havoga kumush yodid elementini sepish orqali Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarga yomg‘ir chaqirilgan. Ming afsuski, o‘tgan 30 yil davomida ilm tashlab qo‘yilgan. Nafaqat bizning institutimizda, balki butun Respublikada o‘tish davri bo‘ldi. Hozir institutimiz jamoasi yana qayta shu ishni bajarishga bel bog‘lagan”, deydi Ibratjon Karimov.

Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori o‘rinbosari so‘zida davom etar ekan, sun’iy usul bilan atmosferaga faol ta’sir ko‘rsatish orqali qor yoki yomg‘ir yog‘dirish ilgari tajribadan o‘tganini urg‘ulab, bugungi kunda ushbu amaliyotni yana O‘zbekistonda qo‘llash uchun muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.

“Biz uchun yomg‘ir chaqirish yoki, qor yog‘dirish usullari yangilik emas. Bu masala institutimiz jamoasining professor va olimlari tomonidan qayta oyoqqa turg‘azilib, yo‘lga qo‘yilish arafasida. Bugungi kunda institutimiz rahbariyati bu masala bo‘yicha Respublikadagi eng katta tashkilotlaridan biri bilan muzokara jarayonida. Hozir tashkilot nomini aytmayman. Tashkilot tomonidan juda yaxshi takliflar bo‘lmoqda. Loyihani qo‘llab-quvvatlab va 10 mlrd so‘m atrofida moliyalashtirgan holda ularning faoliyatiga zarur bo‘ladigan modellarni yaratib, ular amaliy tajribalar bilan fasllarga qarab, buyurtma qilinayotgan joylarga yomg‘ir va qor chaqirish jarayonlarini qilib berish niyatidamiz.

Bolaligimizdan bilamizki, yirik davlat tadbirlari oldidan to‘p orqali bulutlar tarqatilib, kuchli yomg‘ir va dolning oldi olingan. Bunga institutimizning salohiyati ham yetarli. Biroq, moliyaviy sabablar ta’sirida bu masalalar to‘xtab qolgan edi. Hozirda bu tajribaga davlat 

idoralari tomonidan qiziqishlar bo‘lmoqda. Xudo xohlasa, davom etayotgan muzokaralar tez orada o‘z natijasini ko‘rsatadi. Biz 20 fevralda 3 yillik loyiha yuzasidan memorandum imzolaymiz va yana o‘sha ishlarimizni davom ettiramiz”, deydi Karimov.

Shu o‘rinda Gidrologik jarayonlarni matematik modellashtirish laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi Akmal G‘ofurov atmosferaga faol ta’sir etish orqali yomg‘ir va qor yog‘dirish texnologiyasi haqida ma’lumot berib, bu borada dunyo mamlakatlarining tajribasi haqida tushuntirish berdi. 

“Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi natijasida yog‘in va qorning kamayishi kuzatilmoqda. Atmosferaga faol ta’sir ko‘rsatish yog‘in va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilikni oshirish, ya’ni yomg‘irni sun’iy yog‘dirishdan iboratdir. Jahon metrologik tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda 56 taga yaqin davlatlar bulut ekish texnologiyasidan foydalanadi. Bu texnologiya Xitoy, Indoneziya va AQSH kabi mamlakatlarda qurg‘oqchilikka qarshi kurashish uchun keng qo‘llanilmoqda”, deydi G‘ofurov. 

U, shuningdek, ushbu loyiha bo‘yicha qo‘yilgan xalqaro huquq va me’yorlar, qolaversa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Atmosfera muhitini o‘zgartirish konvensiyasida keltirilgan fikrlar haqida gapirib, bu loyihani O‘zbekistonda ham amalga oshirish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

“BMT tomonidan qabul qilingan atmosfera muhitini o‘zgartirish konvensiyasi yagona hujjat hisoblanadi. Hujjatda bu usuldan tinchlik yo‘lida foydalanilsa, mumkin deb keltirib o‘tilgan. Yomg‘ir yog‘ish texnologiyasi biz uchun nimaga kerak? Biz bu usul orqali qish kunlari yog‘inni ko‘paytirishimiz mumkin. Yog‘inning qor ko‘rinishida yog‘ishi esa, yoz fasli, ya’ni ayni suv kerak bo‘ladigan vaqtda suv zaxirasi bilan ta’minlanishimizga yordam beradi. Bugungi kunda Gidrometeorologiya xizmati markazida “Musso” dasturi ishlamoqda. Bu dastur daryo havzalaridagi qor qatlamini nazorat qiladi. Yog‘in miqdori kamligini oldindan aniqlasak, qo‘shimcha kuchni yog‘inni oshirishga qaratishimiz mumkin bo‘ladi. Bugungi kunda yomg‘ir chaqirish bo‘yicha ishlarimiz to‘xtab qolgan. Lekin bu ishlarni amalga oshirish uchun Gidrometeorologiya institutimizda imkoniyat mavjud. Bugun olimlarimiz yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasining iqtisodiy samaradorligi va unga ketadigan xarajatlar bo‘yicha ishlar olib bormoqda. Agar iqtisodiy samaradorlikka erisha oladigan bo‘lsak, yog‘dirgan yog‘inimizning miqdori xarajatni qoplasa, kelajakda bu  ishlarni davom ettirish uchun rejalarimiz bor”, deydi Akmal G‘ofurov.

Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ o‘zgarib borayotgan ob-havo, ekologiyaning o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan omillar haqida O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Ibratjon Karimovdan intervyu olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Gidrometeorologiya qor va yomg'ir interv'yu

Baholaganlar

1614

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing