O‘zbekistonda iqtisodiyot hajmi 240 mlrd dollardan oshiriladi – Prezident

Jamiyat

image

2030 yilga qadar O‘zbekistonda barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 may kuni Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yig‘ilishining ochilish marosimidagi nutqida so‘z ochdi.

Keltirilishicha, global beqarorlik sharoitida ham O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi chorak yakuni bo‘yicha 8,7 foizli o‘sishga erishgan.

“Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy e’tiborni qaratdik. Biz o‘tgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambag‘allik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tushirishga erishdik”, degan davlat rahbari.

O‘zbekiston oxirgi 10 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy o‘zgarish qilgan 5 ta davlatdan biri bo‘lgan.

“Biz 2030 yilga qadar O‘zbekistonda barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish niyatidamiz. Natijada daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishni hamda kambag‘allikka to‘liq barham berishni maqsad qilganmiz”, deydi Prezident.

Shuningdek, davlat rahbari yaqin kunlarda 13 ta strategik yirik korxona aktivlarini o‘z ichiga olgan “Milliy investitsiya jamg‘armasi”ning 30 foiz ulushini xalqaro fond bozoriga chiqarilishini ma’lum qilgan.

“Aminmanki, bunday muhim qadam hamkorlarimizning yurtimiz investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

iqtisodiyot O'zbekiston 2030 innovatsion o'sish modeli Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing