O‘zbekistonda elektr va gazdagi uzilishlar sababi tushuntirildi

Jamiyat

image

Qurilmalarda yuklamaning ortishi natijasida hududlarda elektr va gaz ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, sovuq havo harorat tufayli quvurlarda gaz bosimining pasayishi, elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning keskin ortishi kuzatilmoqda. Buning natijasida hududlardagi, xususan Toshkent shahri va viloyatidagi gaz va elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, ta’minotda uzilishlar sodir bo‘lmoqda. 

“Bugun kun davomida 100 dan ortiq elektr va gaz qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etildi. 

Nosozliklarni bartaraf etish uchun barcha korxonalarda 24 soat faoliyat yurituvchi maxsus brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, ular zarur transport vositalari, qo‘shimcha elektr va gaz qurilmalari zaxiralari bilan ta’minlangan”, deyiladi Energetika vazirligi xabarida. 

Ma’lum qilinishicha, tarmoqlarda yuklamani kamaytirish hamda energiya resurslarini birinchi navbatda aholi va tibbiyot muassasalariga yetkazib berish uchun yirik sanoat korxonalariga gaz va elektr energiyasi yetkazib berish hajmi keskin kamaytirilgan.

Shuningdek, barcha hududlardagi ko‘cha yoritish chiroqlarining bir qismi o‘chirilib, undan tejalgan elektr energiyasi aholiga yo‘naltirilmoqda. 

“Shu o‘rinda iste’molchilardan vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda energiya resurslardan imkon qadar samarali foydalanishlarini, nostandart, energiya samarasiz qurilmalardan foydalanmasliklarini iltimos qilamiz. Iqtisod qilingan elektr energiyasi boshqa xonadonlarning chirog‘i yonishiga sabab bo‘ladi”, deya keltirilayotgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘ragan vazirlik. 


Maqola muallifi

Teglar

gaz Energetika vazirligi elektr energiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing