O‘zbekistonda elektr energiyasini iste’mol qilish hajmi rekordi yangilandi
Jamiyat
−
15 iyun 2023
6617Anomal issiq ta’sirida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli hajmi bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar yangilandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, joriy yilning 13 iyun kuni O‘zbekistonda jami 231,7 mln kVt/soat elektr energiyasi sarflangan. Bu miqdor iyun oyi uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan bir yil muqaddam xuddi shu kuni 202 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlatilgan bo‘lib, o‘sish ko‘rsatkichi 14,7 foizni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, kecha, 14 iyun kuni soat 11:00 ga qadar soatlik ehtiyoj hajmi 11 080 MVtni tashkil qildi. Bu esa 2022 yilning xuddi shu sanasidagi holat bilan taqqoslanganda, 1600 MVt (15,4%) ko‘p elektr toki sarflangan, deganidir. Ushbu quvvat deyarli to‘rtta bug‘-gaz qurilmasining yoki ikkita “To‘raqo‘rg‘on” IESning quvvatiga teng.
Elektr energiyasining yuqori iste’moli, ayniqsa, Toshkent shahrida kuzatilmoqda. Masalan, 2021 yilning 13 iyun sanasida poytaxt aholisi 7,6 mln kVt/soat tok ishlatgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilning xuddi shu kunida 17,08 mln kVt/soatni, bu yil esa 26,4 mln kVt/soatni tashkil qilgan.
Bildirilishicha, havo haroratining ko‘tarilishi tufayli elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham keskin oshadi. Natijada elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalar ortishi, tarmoqda esa turli nosozliklar kelib chiqishi tabiiy. Xususan, anomal issiq elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ham 20 foizga tushirib, tizimda yo‘qotishlarni hosil qilishi mumkin.
LiveBarchasi