O‘zbekistonda Ekopolitsiya tashkil etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 19 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar negizida alohida yuridik shaxs bo‘lmagan Ekopolitsiya tashkil etiladi:

  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishidagi bo‘linmalarining optimallashtiriladigan shtat birliklari.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida ajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga o‘tkaziladi. Ekopolitsiya Ekologiya qo‘mitasining ekologik xavfsizlikni ta’minlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus bo‘linmasi bo‘ladi.

Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi. Ekopolitsiya boshlig‘ining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi.Ekopolitsiyaga uning hududiy bo‘linmalarini ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olmagan holda, tabiiy ekologik hududlar chegaralari doirasida tashkil etishga ruxsat etiladi.

Ekologiya qo‘mitasi quyidagilar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot kiritib boradi:

  • Yirik korxona va tarmoqlar tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar, ular va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan ko‘rilgan choralar;
  • sohadagi mas’ul boshqaruv va nazorat organlarining o‘z vazifalarini sifatli va o‘z vaqtida bajarishi holati;
  • davlat organlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga zid bo‘lgan qarorlarini bekor qilish.

Ekologiya qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni joriy etish va ularni qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.

Ekologiya qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmon talablaridan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritadi.

Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Shavkatovna Mirziyoyeva zimmasiga yuklanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Ekopolitsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing