Atmosferaga zarar yetkazayotgan 18 ta ob’ekt faoliyati to‘xtatildi (video)
Jamiyat
−
25 noyabr 4644 2 daqiqa
Toshkent shahri va viloyatidagi atmosferaga zarar yetkazayotgan 18 ta ob’ekt faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 24 noyabr kuni kechki 19:00 dan so‘ng mamlakatda atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda atmosfera havosini ifloslantirishga qarshi kurashish maqsadida keng ko‘lamli ekologik nazorat tadbirlari amalga oshirilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan tashkil etilgan ekologik nazorat tadbirlari Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlari, shuningdek, Toshkent shahrida tuzilgan 4 ta tezkor guruh tomonidan amalga oshirilgan. Tadbirlar qo‘shimcha ravishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar idoralari xodimlari ham jalb qilinib, ularning faoliyati muvofiqlashtirib borilgan.
Reyd davomida jami 103 ta korxona va iqtisodiy faoliyat yurituvchi ob’ektlar tekshirilib, ularning atmosfera havosini muhofaza qilishga oid qonunchilik talablariga qay darajada rioya qilayotgani o‘rganilgan.
O‘rganishlar natijasida 38 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan, huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan jami 34,8 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Shuningdek, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va qonun talablarini buzgan 18 ta ob’ekt faoliyati 10 kunga vaqtincha to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekologiya mutasaddilari hamda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan Toshkent viloyati va Toshkent shahrida keng ko‘lamli reyd tadbirlari boshlab yuborilgani haqida xabar berilgan edi. Ekologik me’yorlarni buzayotgan issiqxonalar, turli xil pechlar va havoga zararli moddalar chiqarayotgan korxonalar faoliyati Ishchi guruh tomonidan tekshirilgan.
Live
Barchasi