O‘zbekistonda don, un va nonga oid Hukumat qarori qabul qilindi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2019
10685O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, I nav unning ulgurji va chakana narxlarini ma’muriy tartibda belgilash narxlarni shakllantirishning to‘laqonli bozor mexanizmlarini joriy qilish imkonini bermayapti va un ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ishlab chiqarilgan va sotilgan har bir tonna undan salkam 900 ming so‘m zarar ko‘rmoqda.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra 2019 yil 15 oktyabrdan:
• “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi. Bunda, g‘allaning boshlang‘ich narxi sotuvchi tomonidan amaldagi xarid narxi, tayyorlash, tashish, saqlash va boshqa xarajatlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi;
• davlat xaridlari doirasida sotib olingan bug‘doyni qayta ishlashdan olinadigan un barcha iste’molchilarga hech qanday cheklovlarsiz 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshirish orqali ochiq birja savdolarida sotiladi. Bunda, 2019 yil 1 dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan qolipli non ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga, unni birja savdolarida 30 foiz oldindan to‘lov va yakuniy hisob-kitobni 10 kun ichida amalga oshirishga ruxsat etiladi;
• un narxi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida 2019 yil hosilidan tayyorlangan bug‘doyning tonnasi un ishlab chiqarishga 1 300 ming so‘mdan ulgurji narxlarda sotiladi. Bunda, bug‘doyning o‘rtacha xarid narxi va ulgurji narxi o‘rtasidagi 120 ming so‘m miqdoridagi salbiy farq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qoplanadi;
• “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi tashkilotlar o‘rtasida un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doyning ichki aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘isiz ulgurji narxlarda (1ming 300 ming so‘m) hamda tayyorlash, tashish va saqlash xarajatlari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasiga quyidagilar yuzasidan mas’uliyat yuklandi:
• O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda donni qayta ishlash tashkilotlari savdo kunlari bo‘yicha tasdiqlangan hajmdagi un va don mahsulotlarining uzluksiz birja savdolariga qo‘yilishi hamda ushbu mahsulotlarga talab ortganda birja savdolariga qo‘shimcha un va don hajmlarini qo‘yish;
kalendar oyi boshlanishidan 5 kun oldin birja savdolariga qo‘yiladigan un va don hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining rasmiy veb-saytida joylashtirish.
Belgilanishicha, tashkiliy-xuquqiy shakllaridan qat’i nazar barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar birja qoidalariga amal qilgan holda birja savdolarida mahalliy hamda import qilingan un va don mahsulotlarini erkin sotish va sotib olish huquqiga egadirlar.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi bilan birgalikda ichki bozorda narxlarning sun’iy ravishda oshib ketishi va bozordagi boshqa salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, zarur hollarda, bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan xarid qilinadigan un va donning maksimal miqdorini (limitini) belgilaydi hamda talab va taklifdan kelib chiqib ushbu hajmlarga tuzatishlar kiritadi.
Qayd etilishicha, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan un ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xarajatlarini 18,9 milliard so‘mga maqbullashtirish hamda mahsulot tannarxini 10,3 foizga arzonlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
LiveBarchasi