O‘zbekistonda chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirildi
Jamiyat
−
08 Oktabr 2020
10764Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 593-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1);
• Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Qoraqalpog‘iston Respublikasida va viloyatlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2);
• Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom (3).
(1) Nizom boshqa davlatlardan kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni (keyingi o‘rinlarda - FBSH) hamda O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki ID-kartaga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni respublika hududida vaqtincha bo‘lib turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini belgilaydi. Hujjatda ushbu toifadagi shaxslar uchun ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, joylashtirish vositalari yoki davolash muassasalarining elektron tizimlari orqali vaqtincha ro‘yxatga olish tartib-taomillari belgilangan.
(2) Nizomda boshqa davlatlardan kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashashga ruxsatnoma berish hamda O‘zbekistonda yashash guvohnomasi yoki ID-kartaga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi belgilangan.
Shuningdek hujjat bilan quyidagilar belgilangan:
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda doimiy ro‘yxatga olish tartibi;
• boshqa joyga ko‘chishni rasmiylashtirish tartibi;
• chet davlatga chiqish tartibi;
• yashash guvohnomasi va doimiy ro‘yxatga olishni bekor qilish tartibi.
Nizomda quyidagilar qayd etildi:
• boshqa davlatlardan viloyatga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga doimiy yashashga ruxsatnoma berish tartibi;
• respublikaning boshqa hududlarida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni viloyatda doimiy ro‘yxatga olish tartibi;
• viloyat hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning doimiy yashashga ruxsatnomasi va doimiy ro‘yxatini bekor qilish tartibi.
(3) Nizom bilan quyidagilar belgilandi:
• boshqa davlatlardan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga doimiy yashash uchun ruxsatnoma berish va doimiy ro‘yxatga olish tartibi;
• boshqa joyga ko‘chishni, chet davlatga chiqishni rasmiylashtirish tartibi;
• Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning doimiy yashashga ruxsatnomasi va doimiy ro‘yxatini bekor qilish tartibi
(2-3) Nizomlar qonun hujjatlariga muvofiq sayyohlik va elektron viza bilan, 60 kungacha vizasiz kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari xodimlariga va ularning oila a’zolariga tatbiq etilmaydi.
IIVga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibotlarini yanada soddalashtirish bo‘yicha amaliy choralar doirasida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun davlat bojini billing tizimi orqali masofaviy to‘lash imkoniyati yaratilishini ta’minlash topshirildi.
LiveBarchasi