O‘zbekistonda biznes yuritish uchun eng yaxshi va yomon hududlar ma’lum qilindi
Jamiyat
−
14 iyun 2021
16393Toshkent shahri 2020 yilda O‘zbekistonning biznes yuritish uchun eng qulay hudud deb topildi. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari esa reytingda oxirgi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston Iqtisodiy izlanishlar markazi (CERR) 2020 yilda turli viloyat va tumanlarda biznes yuritish uchun sharoitlar naqadar qulay yoki noqulay bo‘lganini o‘rganib, shunday xulosaga keldi.
Izlanishlar Biznes Indikator (Business Indicator) onlayn platformasi orqali amalga oshirilgan. Tadqiqot natijasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha viloyat va tumanlaridagi shaharlar reytingi tuzilgan.
Toshkent shahri 7,8 ball bilan eng yuqori o‘rinni egallagan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Qashqadaryo - 4,5 ball, Surxondaryo - 4,5 ball viloyatlarida qayd etilgan.
Tumanlar orasida esa, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha eng yuqori ballar - Bektemir (9,0 ball), Mo‘ynoq (8,9 ball), Qo‘rg‘ontepa, Yakkasaroy va Karmana (8,4 ball) tumanlarida qayd etilgan.
Eng past o‘rinlar esa - Baxmal (6,3 ball), Buvayda (6,4 ball), Tuproqqal’a, Uchko‘prik, Samarqand, Bekobod va Yangiyo‘l tumanlarida (6,5 ball) ekani aniqlangan.
Hisobotga ko‘ra, 2019 yilga nisbatan 2020 yilda O‘zbekiston biznes yuritish borasida sezilarli yutuqlarga erishgan. Xususan:
• tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulkka zarar yetkazish holatlari soni 13 barobarga kamaydi - 96 holat (2019 yilda - 1260 ta);
• tadbirkorlarga berilgan kreditlar bo‘yicha foizlar uchun kompensatsiya miqdori 3 barobar o‘sdi - - 2,8 trln.so‘m (2019 yilda 855 mlrd. so‘m);
• so‘nggi uch yil mobaynida uzluksiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 32,5 foizga oshdi;
• tadbirkorlar ishtirokida xo‘jalik va ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqilgan nizolar 44 foizga kamaygan - 97,6 ming nizo. (2019 yilda 173,3 ming);
• tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirishlar soni 8,5% ga kamaydi - 52,3 ming tekshiruv. (2019 yilda - 57,2 ming tekshiruv o‘tkazilgan).
Shuningdek, 25 ming nafar tadbirkorlar orasida o‘tkazilgan so‘rovda ma’lum bo‘lishicha, 2020 yilda (2019 nisbatan) bank xizmatlari sifati yaxshilangan hamda biznes vakillarining davlat organlariga ishonchi ortgan.
Shu bilan birga, so‘rovda ishtirok etganlarning 44 foizi homiylikka majbur qilinganligi va 40 foizi sud hukmlariga shubha bilan qarashi ham ma’lum bo‘lgan.