O‘zbekistonda bir yilda 212 kishi ish jarayonida halok bo‘ldi
Jamiyat
−
24 dekabr 2025 1617 2 daqiqa
2025 yil davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarish bilan bog‘liq 731 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi, bularning oqibatida 813 nafar xodim jabr ko‘rdi, shundan 212 nafari halok bo‘ldi. Bu haqda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jurayev 19 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Bildirilishicha, 535 nafar shaxs og‘ir, 26 nafari esa yengil tan jarohatlari olgan. Tarmoqlar kesimida baxtsiz hodisalarning 198 tasi qurilish sohasiga, 43 tasi yengil sanoatga, 36 tasi transportga, 35 tasi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelgan, qolganlari boshqa sohalarda qayd etilgan.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish jarayonida 2 372 ta qonunbuzarlik aniqlanib, mansabdor shaxslarga nisbatan qariyb 1 milliard so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan, 196 ta holat bo‘yicha esa jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Yil boshidan buyon baxtsiz hodisalar tufayli xodimlar va ularning oila a’zolari foydasiga 6,1 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovlari undirib berilgan.
Shuningdek, Davlat mehnat inspeksiyasi 2025 yil davomida 13 ming nafar xodim foydasiga to‘lanmagan ish haqlaridan jami 159 milliard so‘m undirilishini ta’minlagan. Ushbu qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 8 259 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jami 22 milliard so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Mehnat xavfsizligi va texnika xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar 7 327 ta korxona va tashkilotni qamrab oldi. Ular davomida qariyb 11 mingta qoidabuzarlik aniqlandi.
Shuningdek, Marat Jurayev mehnat huquqlari buzilishi holatlari ko‘pincha davlat byudjeti hisobidan faoliyat yurituvchi tashkilotlarda, jumladan, hokimiyatlar, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida kuzatilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, mehnat inspeksiyasi Oliy sud, Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda qonunchilikni takomillashtirish, jumladan, ishdan bo‘shatish tartibi va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish masalalari ustida ish olib bormoqda. Marat Jurayevning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik mehnat munosabatlari bo‘yicha sun’iy intellektdan foydalangan holda onlayn savol-javob tizimini joriy etish ustida ishlayapti. Rejaga ko‘ra, 10 mingta savol va javobdan iborat baza yaratilib, fuqarolarga onlayn tarzda maslahat olish imkoni yaratiladi.
Live
Barchasi