Shavkat Mirziyoyev Saudiya elchisini mukofotladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 29 dekabr kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Saudiya Arabistoni Podshohligining Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiyni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari elchining samarali faoliyatini hamda O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida ta’kidladi.

“Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi va qo‘shma korxonalar soni jadal o‘sib bormoqda. Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 27 milliard dollardan oshdi.

“Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa ustuvor sohalarda loyiha hamda tashabbuslar amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgan. Joriy yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistonida O‘zbekiston madaniyati kunlari yuqori saviyada o‘tkazilgan. O‘zbekiston Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Xalqaro kitob ko‘rgazmasida ishtirok etgan.

O‘zbekiston yetakchisi Saudiya Arabistoni Hukumatiga fuqarolarining Haj va Umra amallarini ado etishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Yusuf al-Utaybiyga O‘zbekiston – Saudiya do‘stlik va ko‘p tomonlama sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Elchi uning diplomatik missiyasiga berilgan yuksak baho hamda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakatimiz yetakchisiga chuqur minnatdorlik izhor etdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlagan Fransiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezni qabul qilgan va elchiga ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Saudiya Arabistoni Do'stlik Yusuf al-Utaybiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing