O‘zbekistonda binolarning zilzilabardoshligi qanday aniqlanadi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda binolarning seysmik xavfsizlik masalalariga loyiha oldi jarayonidayoq e’tibor qaratiladi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari Davronjon Odilov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Uning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining F.A.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti tomonidan maxsus xarita yordamida hududning zilzilabardoshligi aniqlanadi. Bu seysmikaning boshlanishi – zilzilabardoshlik degan tushuncha shu yerdan paydo bo‘ladi. Ya’ni, hududning zilzilabardoshligi o‘rganilib, bu borada tashxis qo‘yiladi.

“Keyingi bosqich loyiha ishlarining boshlanish jarayoni hisoblanadi, buni hatto loyiha oldi jarayoni deyish ham mumkin. Bunda loyihachiga buyurtmachi tomonidan taqdim qilinishi shart bo‘lgan hujjatlar bor. Ularning ichiga loyiha hududining geologiya-muhandislik xulosasi va topoxaritasi kiradi. Bu ish bilan shug‘ullanuvchi vakolatli organ “O‘zgashLITI” instituti hisoblanadi. Bugungi kunda bu ishlar xususiy sektor tomonidan ham bajarib kelinmoqda. Bular – zilzilabardoshlikning loyiha oldi ishlari.

Bundan keyin loyiha jarayoniga kirishiladi. Bunda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan doimiy ravishda ilmiy-amaliy ishlar olib boradigan Qurilish me’yoriy qoidalari (QMQ)ga asosan, loyihachi loyiha oldi hujjatlarini buyurtmachidan to‘liq qabul qilib olganidan keyin loyiha ishini boshlaydi. Uni amalga oshirish jarayonida har bir hududda geologiya muhandislik qidiruv ishlari xulosasidagi seysmik parametrlarga binoan loyihalashni boshlaydi. Loyihada seysmik parametrlar bo‘yicha zilzilabardoshlik qismiga loyiha bosh arxitektori bilan birgalikda, bosh muhandis asosiy javobgar hisoblanadi. Asosiy ish loyiha bosh muhandisining mas’uliyatida turadi va u loyiha ishlarini yakunlagandan keyin ekspertizaga topshiradi. Davlat organi hisoblangan ekspertiza Qurilish vazirligi qoshida faoliyat yuritadi”, deya tushuntirdi Davronjon Odilov.

Shuningdek, u ekspertiza xulosasi xususiy firmalar tomonidan ham berilishi va bu kabi tadbirkorlik sub’ektlari vazirlik tomonidan akkreditatsiya qilinishini ta’kidladi. 

Ekspertizaning esa majburiy tomonlari mavjud. Shularning eng asosiysi – bu obektning zilzilaga chidamliligi bo‘lib, moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar barcha obektlar mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha ekspertizadan o‘tishi majburiy. 

“Ekspertizadan ijobiy xulosaga ega bo‘lgan obektlarda Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xabarnomasi bilan qurilish ishlariga kirishiladi. O‘sha kundan boshlab ob’ektdagi zilzilabardoshlik, yong‘in xavfsizligi, energiya tejamkorlik kabi O‘zbekistonda bajarilishi majburiy bo‘lgan talab va standartlar Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi hamda loyiha muallifi tomonidan davomli ravishda nazorat qilib boriladi.
Ob’ekt barpo etilib, o‘rnatilgan tartibda foydalanishga topshirilgandan keyin ekspluatatsiya organi tomonidan nazorat ishlari amalga oshiriladi.

Turkiyadagi zilzila oqibatlari, binolar qulashi soha vakillariga katta saboq bo‘ladi, albatta. Bu bizda bunday holatlar ro‘y bermasligi uchun qanday choralar ko‘rilmoqda, degan savolni ham yuzaga chiqaradi. Bugungi kunda mamlakatimizda bu boradagi majburiy talablar bino-inshootlar kafolatini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ya’ni, bunda davlat binolarni foydalanishga topshirilgunga qadar seysmik jihatdan majburiyatni o‘z zimmasiga oladi. Lekin binoning ekspluatatsiya jarayoni ham bunda muhim ahamiyat kasb etadi”, deydi vazirning birinchi o‘rinbosari.


Maqola muallifi

Teglar

zilzila seysmik xavfsizlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing