O‘zbekistonda benzin va oziq-ovqat narxlari oshdi
Jamiyat
−
18:38 3287 2 daqiqa
Joriy yilning avgust oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,2 foizga oshdi, yillik iste’mol narxlari indeksi esa 6,2 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yillik INI 2025 yil avgust oyidagi 8,8 foizga nisbatan 2,6 foiz bandga pasaygan. Avgust oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,4 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,2 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar narxi esa 0,1 foizga qimmatlashgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari orasida sabzi narxi 9,2 foiz, piyoz 6,2 foiz, uzun boshoqli guruch 2,4 foiz, yumaloq boshoqli guruch 2,3 foiz, tarvuz esa 7,5 foizga oshgan. Bu mahsulotlar narxining ko‘tarilishi inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, ayrim mahsulotlar narxining pasayishi inflyatsiyani jilovlashga xizmat qilgan. Jumladan, uzum narxi 10,9 foiz, bulg‘or qalampiri 9,2 foiz, olma 7,2 foiz, nok 6 foiz, baqlajon 5,5 foiz, karam 4,9 foiz, kartoshka 3,3 foizga arzonlagan
Nooziq-ovqat mahsulotlari orasida esa AI-98 va AI-100 markali benzin 6,7 foiz, AI-95 benzini 4,9 foiz, AI-92 benzini narxi 1,1 foizga oshgan.
Xizmatlar va tariflar sohasida xalqaro aviaqatnovlar narxi 1,7 foiz, shaharlararo avtomobil transportida yo‘lovchi tashish 0,6 foiz, ijaraga olingan turar joylar uchun haq 0,4 foizga qimmatlashgan.
Milliy statistika qo‘mitasi hisob-kitoblari uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan 2 mlndan ortiq narxlar qayd etilgan. Kuzatuvlar 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda 98 turdagi xizmatlar narxlarini qamrab olgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabr oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,7 foizga oshgani haqida xabar edi.