O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni 35 yilda qanday o‘zgardi?
Jamiyat
−
10:45 491 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning yanvar-iyun oylarida 373,4 mingta tug‘ilish qayd etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1991 yilda mamlakatda 723,4 ming nafar bola tug‘ilgan. 2000 yilga kelib bu ko‘rsatkich 527,6 ming nafarga tushgan. Bu 1991 yildagiga nisbatan 27,1 foizga kam.
Shundan keyin tug‘ilishlar soni yana o‘sishni boshlagan. 2000 yildagi ko‘rsatkich 2023 yilga kelib 82,3 foizga oshib, 962 ming nafarga yetgan. Bu 1991 yildan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Biroq so‘nggi yillarda tug‘ilishlar soni kamaygan. Xususan, 2024 yilda 926,4 ming nafar bola tug‘ilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 879,6 ming nafarni tashkil etgan. Natijada bir yil ichida tug‘ilishlar soni 5,1 foizga kamaygan.
2025 yildagi ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 8,6 foizga kam. Shunga qaramay, 2025 yilda tug‘ilishlar soni 1991 yildagiga qaraganda 21,6 foizga ko‘p bo‘lgan.
O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni yillar kesimida:
- 1991 yil – 723,4 ming nafar;
- 1995 yil – 678 ming nafar;
- 2000 yil – 527,6 ming nafar;
- 2005 yil – 533,5 ming nafar;
- 2010 yil – 634,8 ming nafar;
- 2015 yil – 734,1 ming nafar;
- 2020 yil – 841,8 ming nafar;
- 2021 yil – 905,2 ming nafar;
- 2022 yil – 932,2 ming nafar;
- 2023 yil – 962 ming nafar;
- 2024 yil – 926,4 ming nafar;
- 2025 yil – 879,6 ming nafar;
- 2026 yil yanvar–iyun – 373,4 ming nafar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 40 yosh va undan katta bo‘lgan 6 mingdan ortiq ayol farzandli bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi