O‘zbekistonda ayrim toifa tadbirkorlar qator soliqlardan ozod qilinishi mumkin
Jamiyat
−
04 may 2021
11032Joriy yilning 3 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rildi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasining maqsadi tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish va aholi daromadalarini oshirishdan iborat bo‘lib, unda O‘zLiDeP elektorati bo‘lgan tadbirkorlar uchun bir qator imtiyozlar berilishi nazarda tutilmoqda.
Loyiha bilan Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvarga qadar davlatimiz rahbari tomonidan belgilanadigan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining o‘ziga xos “o‘sish nuqtasi” deb aniqlangan faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan tashkil etiladigan hamda Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida joylashgan yangidan tashkil etiladigan sanoat yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’ektlari bir qator soliqlardan ozod qilinadi. Qolaversa, mazkur toifadagi soliq to‘lovchilar foyda solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar bo‘yicha belgilangan soliq stavkasini 50 foizi miqdorida amalga oshiradi.
Soliq kodeksining 483-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, joriy yil yakunigacha bo‘lgan davr uchun turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’ektlar, foyda solig‘i stavkalari belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirib hisoblangan holda to‘laydi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida pandemiya davrida iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan sohalardan biri bo‘lgan turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik imtiyozlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida belgilanadigan davlat dasturlarida ishtirok etayotgan fuqarolarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar beriladi.
LiveBarchasi